Xomanaiy Larijoniyning o‘limiga izoh berdi
Olam
−
08:21 8400 2 daqiqa
Eronning Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy Isroil havo zarbasi oqibatida halok bo‘lgan Milliy xavfsizlik oliy kengashi rahbari Ali Larijoniyning o‘limiga munosabat bildirdi. Uning so‘zlarini Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi keltirgan.
Bayonotda aytilishicha, Larijoniy “ilmli, uzoqni ko‘ra oladigan, dono, ishiga sodiq va siyosiy, harbiy, xavfsizlik, madaniy hamda boshqaruv sohalarida katta tajribaga ega shaxs” bo‘lgan.
“Uning islomiy tizimdagi turli darajalarda deyarli ellik yillik faoliyati uni yuksak shaxsga aylantirdi”, degan Xomanaiy.
U, shuningdek, Eronning dushmanlari bu hodisa uchun javob berishini ta’kidlagan.
“Bunday terror harakatlari faqat dushmanlarning adovatini aks ettiradi va millatimizning qat’iyatini mustahkamlaydi. Shubhasiz, adolat qaror topadi. Uning oila a’zolari va yaqinlariga, ayniqsa, Oyatulloh Amoli Larijoniyga chin dildan hamdardlik bildiraman va ularning saflari yuksalishini so‘rab duo qilaman”, degan Oliy rahbar.
Larijoniyning o‘limi
17 mart kuni Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats Ali Larijoniy tungi havo zarbasi oqibatida halok bo‘lganini ma’lum qilgan edi. Keyinchalik bu xabarni Tehron ham tasdiqladi.
Larijoniy bilan birga uning o‘g‘li, o‘rinbosari va qo‘riqchilari ham halok bo‘lgan. Bundan tashqari, “Basij” xalq lashkari qo‘mondoni, general-mayor G‘ulomrizo Sulaymoniy ham zarba qurboni bo‘lgan.
Amerika Qo‘shma Shtatlari va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyoti boshlanganidan beri Eron rahbariyatining ko‘plab yuqori martabali vakillari halok bo‘lgan. Ular orasida oliy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiy ham bor.
Yangi Oliy rahbar etib uning o‘g‘li Mujtabo Xomanaiy tayinlangan, biroq u saylanganidan beri jamoatchilikka ko‘rinmagan. Tehron uning jarohat olganini tasdiqlagan.
Ali Larijoniy haqida
Ali Larijoniy Iroqda, Oyatullohlar oilasida tug‘ilgan. U Tehron universitetida G‘arb falsafasi bo‘yicha doktorlik darajasini olgan. U siyosiy faoliyatini 1990 yillarda boshlagan. 1992 yilda Madaniyat va islomiy yo‘nalish vazirligiga rahbarlik qilgan. 1994–2004 yillarda Eron teleradioeshittirish tashkilotini boshqargan. 2005 yilda Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi va mamlakatning yadroviy dasturi bo‘yicha bosh muzokarachisi bo‘lgan. 2025 yilda yana shu lavozimga qaytgan.
2008–2020 yillarda Eron parlamenti – Majlis spikeri bo‘lib ishlagan. Shuningdek, prezidentlikka nomzod bo‘lgan.
Live
Barchasi