XOQ sportdagi korrupsiyaga qarshi kurashni davom ettiradi – Tomas Bax
Sport
−
09 noyabr 2021
2530Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) rahbari Tomas Bax tashkilot korrupsiyaga qarshi kurashga alohida e’tibor qaratishini ma’lum qildi. 67 yoshli mutaxassis bu haqda sportdagi korrupsiyaga qarshi kurashga bag‘ishlangan xalqaro onlayn forumda aytib o‘tdi.
“XOQ sportdagi korrupsiyaga qarshi kurashni davom ettiradi, biz buni xalqaro darajada milliy federatsiyalar tomonidan birgalikda amalga oshiramiz. Tokio Olimpiadasida korrupsiya bilan bog‘liq birorta ham holat kuzatilmagan. Bu biz muvaffaqiyatga erishishimiz, kuchliroq va tezroq ekanimizni ko‘rsatdi. Shuning uchun biz Olimpiya shiorini “tezroq, balandroq, kuchliroq va birgalikda” tarzida yangiladik”, deydi Bax.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning oktyabr oyida Gretsiyaning Krit orolida o‘tkazilgan Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi (MOQA)ning Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.
O‘shanda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax, MOQAning amaldagi rahbari Robin Mitchel va boshqa mutasaddilar ishtirok etib, kun tartibidagi masalalar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tgan. Marosimda Bax nutq so‘zlab, ortda qolgan Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarini muvaffaqiyatli tashkil etishga yordam bergan Yaponiya hukumatiga Olimpiya oilasi nomidan minnatdorlik bildirgan edi.