Xodimlariga eng ko‘p maosh to‘laydigan kompaniyalar
Tahlil
−
24 may 2019
14820San-Fransiskoda chop etiladigan WIRED jurnali ekspertlari eng yuqori maosh to‘lovchi kompaniyalar haqida ma’lumot tarqatdi. Unga ko‘ra, internet startaplar, dasturlash sohasidagi kompaniyalar va onlayn do‘konlar tarmog‘i xodimlari yuqori maosh oluvchilar sirasiga kiradi.
“Google”, “Amazon” va “Facebook” qaysi kompaniya ko‘proq maosh to‘laydi?
“Alphabet” kompaniyasi xodimlariga yuqori maosh to‘lashda yetakchilik qilmoqda. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yilda xodimlar maoshi deyarli 25 foizga oshirilgan. Texnologiya sohasidagi eng yuqori 246 804 dollar (yillik) maosh aynan kompaniya xodimlariga to‘lanmoqda. Bunga asosiy sabab kompaniya aksiyalari narxining ko‘tarilishidir. 2017 yilda xodimlar odatdagidek ish haqining yarmini olganlar. O‘tgan yili kompaniya o‘zining mukofotlar hajmini oshirishni qayta tiklaganida, xodimlarning ish haqi ham shunga muvofiq ravishda oshdi.
Eng ko‘p maosh to‘lovchi kompaniyalar qatorida “Facebook” doim e’tirof etib kelinmoqda. Kompaniya 2018 yilda ayrim inqirozlarni boshidan o‘tkazdi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqda millionlab akkaunlardagi ma’lumotlarning sizdirilishi kompaniya aksiyalari narxiga jiddiy ta’sir o‘tkazdi. Shu sababdan kompaniya 2019 yilda xodimlariga to‘lanadigan maosh va mukofotlar miqdorini bor yo‘g‘i 5 foizga oshirgan. Shunga qaramasdan, “Facebook” 228 651 dollar miqdoridagi maosh to‘lovchi yetakchi kompaniya bo‘lib qolmoqda. Bu darajadagi yuqori maosh to‘lash orqali professionlar menejerlar, malakali dasturchilarni kompaniyada olib qolishning uddasidan chiqilmoqda.
Ko‘plab AKT mutaxassislari yirik texnologik kompaniyalarda ishlashga intilishadi. Ana shunday kompaniyalardan biri Twitter. 2018 yilda ushbu kompaniya xodimlariga o‘rtacha 161 ming dollar maosh to‘lagan bo‘lsa, 2019 yilda 172 ming dollardan oshishi haqida ma’lumot berilgan.
Kompyuterlar uchun video tizim (videokarta) ishlab chiqaruvchi eng yirik Nvidia media kompaniyasi yuqori maosh to‘lovchilar orasida to‘rtinchi o‘rinni egallagan. AMD, Asus kabi gigantlar bilan kuchli raqobatda Nvidia mutaxassislar uchun kurashda eng maqbul yo‘l yuqori maosh va mukofot pullarini ayamayapti.
Shuningdek, reytingning keyingi o‘rinlarida Intel, Tesla, IBM va Amazon kompaniyalari borishmoqda.
Amazon kompaniyasining daromadlari yildan-yilga oshib, eng qimmat brendlar qatorida e’tirof etilayotgan bo‘lsa-da, maosh to‘lashda sal ziqnaroq bo‘lib chiqqan. Kompaniya xodimlariga o‘rtacha 28 ming dollardan ortiqroq to‘lamoqda. Ma’lumot uchun, kompaniyaning 2018 yildagi tovar aylanmasi 201 mlrd dollardan oshib ketgan.
2019 yilda dunyoning eng qimmat brenlari haqida “The Wall Street Journal” nashri xabar tarqatgan edi. Unga ko‘ra eng qimmat brend deb 797 mlrd dollarga baholangan Amazon kompaniyasi topilgan. Keyingi o‘rinlarni “Microsof” (784 mlrd) va “Alphabet” (740 mlrd) kompaniyalari egallagan.
Xorijlik moliya mutaxassislarining ta’kidlashicha, eng boy kompaniyalar mutaxassislar uchun yuqori maosh va mukofot pullari to‘layotgan bo‘lsa-da, xodimlarning barchasi ham bunga xayrixoh emas.
“Kremniy vodiysi” investorlarni jalb etishi, dunyoning eng yaxshi startaplarini bir joyga to‘plagani, hududda joylashgan kompaniyalar eng yuqori maosh to‘layotgan bo‘lsa-da, ko‘plab mutaxassislarning hayot tarzi avvalgidek qolmoqda va daromadlari o‘sishi susaymoqda.
Bu birinchi navbatda turar-joy binolarining giper darajada qimmatligi, ijara va xizmat ko‘rsatish sohasidagi narxlarning yuqoriligi bilan taqqoslanmoqda. Misol uchun, Manhettenda o‘rta darajada qulaylika ega kvartira yoki xauslar 150 ming dollardan 300 minggacha bo‘lsa, “Kremniy vodiysi”da ushbu narxlar qatoriga yana bitta nol qo‘shiladi. Bu esa kompaniyaga yangi kelgan mutaxassislar uchun haqiqiy bosh og‘rig‘i bo‘lmoqda. Ularning daromadi pastroq, xarajatlar esa o‘sha-o‘sha yuqoriligicha qolmoqda.
LiveBarchasi