Xivadagi Tosh hovli saroyining devori o‘zboshimchalik bilan buzildi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Xivadagi Tosh hovli saroyi devori buzilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Madaniyat vazirligi Madaniy meros departamenti holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi.

Bildirilishicha, Tosh hovli saroyi 1832-38 yillarda qurilgan bo‘lib Xiva shahrining 2500 yilligi yubileyini o‘tkazish munosabati bilan 1997 yilda ta’mirlash tiklash ishlari “Xorazm maxsus ilmiy ta’mirlash ishlab chiqarish” ustaxonasi tomonidan Tosh hovli saroyida qisman olib borilgan.

Madaniy meros departamenti tomonidan aniqlanishicha, Tosh hovli saroyini sharqiy tomonidagi devor qismi buzilishiga sabab buyurtmachi tashkilot “Ichan- Qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasi bo‘lib, “Surgut neft stroy” pudratchi xususiy korxonasi tomonidan joriy yilning 8 dekabr kuni devor tepa qismi buzilgan.

“Ichan- Qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasida har qanday ta’mirlash-tiklash ishlari Departament qoshidagi Ilmiy-ekspert kengashi xulosasi asosida bajarilishi va UNESCO tashkiloti bilan kelishish zarurligi aniq belgilangan bo‘lsa-da, ammo loyiha Ilmiy-ekspert kengashiga kiritilmagan va saroyda loyihasiz ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilgan”, deyiladi vazirlik xabarida.

Hozirda Departament xodimlari tomonidan Tosh hovli saroyida ta’mirlash-tiklash ishlari to‘xtatilgan bo‘lib, noqonuniy olib borilayotgan ta’mirlash-tiklash ishlari to‘g‘risida huquq targ‘ibot idoralariga hujjat tayyorlanmoqda.

Ma’lumot uchun, Tosh hovli saroyi 1829-1839 yillarda Olloqulixonning amri bilan vazir Muhammad Ya’qub mehtar loyihasi asosida qurilgan. Bu saroy Xivadagi ikkinchi Ark, hukmdor – xonning qasri sifatida qurilgan. Pishgan g‘ishtdan qurilgan Tosh hovlining nomi binoning o‘ziga xos plani va arxitekturasidan kelib chiqqan. Qadimda binolar xom loy va karkas (cho‘bin) yog‘ochdan qurilgani uchun umri qisqa edi. Keyinchalik g‘ishtni xumbuzlarda pishirib, toshdan imoratlar qurila boshlangan. Shuning uchun ularni bir-biridan ajratish uchun nomlar paydo bo‘lib, “Tosh” so‘zi ko‘p imoratlarga qo‘yiladigan bo‘lgan.

Tosh hovli saroyi uchta katta va beshta kichik hovli, ikki qavatli ayvon va xonalardan iborat. Dastlab haram, so‘ngra mehmonxona, keyinchalik arzxona hovlilari bitkazilgan. Haramda xonning oilasi yashagan bo‘lsa, mehmonxona chetdan kelgan elchi, turkman sardori va qoraqalpoq biylari kabi ulug‘ mehmonlarga xizmat qilgan. Arzxonada fuqoraning arzi-dodi tinglansa, xorijdan kelgan elchilar rasman shu erda qabul qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Xiva Tosh hovli

Baholaganlar

79

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing