Urganch aeroportidan Xivaga yangi tezyurar poyezd qatnovi boshlandi
Jamiyat
−
13:18 695 2 daqiqa
Urganch va Xiva shaharlari o‘rtasida yo‘lovchilarga zamonaviy CR200J rusumli tezyurar elektropoyezd xizmat ko‘rsatadi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Xitoyning CRRC Dalian Co., Ltd. kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan poyezd 6 ta vagondan iborat bo‘lib, 415 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Uning maksimal harakat tezligi soatiga 160 kilometrni tashkil etadi.
Poyezdda “Econom” toifasidagi zamonaviy o‘rindiqlar, har bir o‘rindiqda USB quvvatlantirish qurilmalari hamda vagon ichidagi haroratni me’yorda ushlab turuvchi iqlim nazorati tizimi mavjud.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun maxsus joylar ham ajratilgan.
7055-sonli “Urganch Aerovokzal – Xiva” poyezdi:
- Urganch Aerovokzal – 08:40
- Urganch – 08:59 – 09:02
- Xiva – 09:22
7058-sonli “Xiva – Urganch Aerovokzal” poyezdi:
- Xiva – 21:00;
- Urganch – 21:20 – 21:23;
- Urganch Aerovokzal – 21:42.

7055-sonli poyezd aeroportdan Xivagacha bo‘lgan 45,9 kilometrlik masofani 47 daqiqada bosib o‘tadi. Urganch vokzalida 3 daqiqa to‘xtaydigan poyezd aeroportdan soat 08:40 da harakatlanib, 08:59 da Urganchga yetib boradi va 09:02 da yo‘lini davom ettirib, 09:22 da Xivaga yetib boradi. Urganch–Xiva oralig‘idagi 33 kilometr masofa esa 20 daqiqada bosib o‘tiladi. Qaytish yo‘nalishidagi 7058-sonli poyezd Xivadan 21:00 da yo‘lga chiqib, Urganch orqali 21:42 da aeroportga yetib boradi, umumiy qatnov vaqti 42 daqiqani tashkil etadi.
Qayd etilishicha, kattalar uchun chipta narxi 25 ming so‘m, bolalar uchun esa 14 ming so‘m etib belgilangan. Chiptalarni elektron platforma orqali xarid qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent–Andijon va Toshkent–Termiz yo‘nalishlarida yuqori tezlikdagi poyezdlar harakatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi