Xivadagi “Qovun sayli” Ginness rekordlari kitobiga kirdi
Jamiyat
−
12:08 1313 2 daqiqa
Joriy yilning 9 avgust kuni Xivada o‘tkazilgan “Qovun sayli” festivalida 259 kishi bir vaqtning o‘zida 10 dan ortiq qovun navini tatib ko‘rib, jahon rekordini o‘rnatdi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 7-9 avgust kunlari Xivaning “Ichan qal’a” tarixiy majmuasi va “Arda Xiva” sayyohlik markazida “Qovun sayli” festivali o‘tkazilgan.

Festival doirasida “Eng katta qovun degustatsiyasi” bo‘yicha jahon rekordi o‘rnatilgan. Guinness World Records tomonidan berilgan rasmiy sertifikatga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida 259 kishi 10 dan ortiq qovun navini tatib ko‘rgan.
Rekordni tasdiqlash jarayonida Guinness World Records tashkilotining rasmiy hakami, Turkiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Sheyda Subashi Gemiji ishtirok etgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, festivalga jami 186 ming nafar mehmon tashrif buyurgan. Ularning 150 ming nafari mahalliy, 36 ming nafari esa xorijiy sayyohlarni tashkil etgan.
Tadbir davomida Xorazm viloyatining tumanlari, fermer xo‘jaliklari va boshqa ishtirokchilar o‘nlab qovun navlarini namoyish etgan. Shuningdek, mehmonlar turli qovunlardan tatib ko‘rish, ishlab chiqaruvchilar bilan suhbatlashish hamda Xorazmning qishloq xo‘jaligi an’analari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Festival dasturidan san’atkorlarning chiqishlari, mahorat darslari, ko‘rgazmalar va turli tanlovlar ham o‘rin olgan. Tadbirning yopilish marosimida rossiyalik xonanda MakSи́м ham sahnaga chiqqan.

Festival yakunida tanlov g‘oliblari ham aniqlangan. Uchinchi o‘rinni Urganch davlat universiteti, “UzAuto”ning Xorazm filiali hamda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Xorazm viloyati boshqarmasi egallagan. Ikkinchi o‘rin Xorazm viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasiga nasib etgan.
Birinchi o‘rin Yangiariq tumani hokimligiga, bosh sovrin esa Xiva shahar hokimligiga berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 20 ming nafar ishtirokchi “Andijon polkasi”ga raqsga tushib Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi