Xiva Turk dunyosining madaniy poytaxti deb e’lon qilindi

Jamiyat

image

Xiva shahri 2020 yilda Turk dunyosining madaniy poytaxti deb e’lon qilindi. Bu haqda Turksoy Madaniyat vazirlari kengashining Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan 37-yig‘ilishi yakunlarida ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda QALAMPIR.UZ muxbiri. 

Yig‘ilish so‘ngida Qirg‘iziston Madaniyat, axborot va turizm vaziri Azamat Chamankulov O‘zbekistonning Xiva shahri bir ovozda 2020 yilda Turk dunyosining madaniy poytaxti deb tan olinganini ma’lum qilgan. 

Ushbu yig‘ilishda O‘zbekiston tarafidan Madaniyat vazirining o‘rinbosari Kamola Oqilova ishtirok etgan. 

Yig‘ilishda Xiva shahri obidalari, tarixiy va bugungi hayoti aks etgan videorolik namoyish etilgan. Minbarda so‘z olgan Madaniyat vaziri o‘rinbosari – san’atshunos Oqilova shahar haqida ma’ruza qilgan.

Turk dunyosi madaniy poytaxti sifatida har yili Turkiy tilli davlatlar shaharlaridan biri tanlab olinadi. 2018 yil ushbu nom Turkiyaning Kastamonu shahriga nasib etgan edi. 2019 yilda esa bu maqomga Qirg‘izistonning O‘sh shahri egalik qilmoqda. 

Mazkur maqom Turksoy xalqaro madaniyati tashkiloti tomonidan beriladi. Tashkilot Ozarbayjon, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Turkmaniston ishtirokida1993 yil 12 iyulda tashkil topgan. Uning bosh qarorgohi esa Turkiyaning Anqara shahrida joylashgan. Hozirgi vaqtda tashkilotga 13 mamlakat a’zo.

Ma’lumot o‘rnida, Xiva shahri 1990 yil 12 dekabrda UNESCO’ning dunyo madaniy meroslari ro‘yxatiga kiritilgan. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston joriy yilning 14 sentyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga a’zo bo‘ldi. 


Maqola muallifi

Teglar

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi Xiva Turksoy

Baholaganlar

71

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing