Xitoylik erkak chumolilar sabab 1 yilga qamaldi
Olam
−
09:17 7641 1 daqiqa
Keniyada sud 2200 dan ortiq tirik chumolilarni noqonuniy olib chiqmoqchi bo‘lgan xitoylik fuqaroni 12 oyga ozodlikdan mahrum qildi va unga 1 million keniya shillingi miqdorida jarima tayinladi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Ayblanuvchi Chjan Ketsyun Nayrobidagi xalqaro aeroportda qo‘lga olingan. Uning yuklaridan 2200 dan ziyod tirik chumolilar topilgan. Ular orasida ayniqsa qimmatbaho hisoblangan Messor cephalotes turidan 1948 tasi bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, chumolilar probirkalarga joylangan holda yashirincha olib chiqilmoqchi bo‘lgan va keyinchalik Xitoyga yuborilishi rejalashtirilgan. Bunday hasharotlar kolleksionerlar orasida mashhur bo‘lib, ular maxsus shaffof formikariylarda saqlanadi.
Avvaliga aybini rad etgan Chjan Ketsyun keyinchalik uni tan olgan. Sudya Iren Gichobi bu hukm chumolilar kontrabandasi kabi holatlarning oldini olish uchun qattiq chora sifatida qabul qilinganini ta’kidlagan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda olib chiqish faqat yirik hayvonlar (masalan, fil suyagi) bilan cheklanib qolmay, balki ekotizim uchun muhim bo‘lgan kichik turlarga – jumladan chumolilarga ham tarqalmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Braziliyada olimlar azaldan ma’lum bo‘lgan eng kichik umurtqali jonzotlardan biri – chumoli jussasi bilan teng bo‘lgan qurbaqani topilgandi.
Live
Barchasi