Xitoyga kirib-chiqish qoidalari kuchaytirildi
Olam
−
13:33 1191 1 daqiqa
Xitoy xorijda huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolarning mamlakatdan chiqishini vaqtincha cheklashi, viza yoki chegarada yolg‘on ma’lumot bergan xorijliklarning esa mamlakatga kirishini taqiqlashi mumkin. Bu haqda Xitoy Davlat kengashi xabar berdi.
Qayd etilishicha, yangi tartib kecha, 15 sentyabrdan kuchga kirgan Xitoy Davlat kengashi reglamentida belgilangan. Ushbu hujjatga ko‘ra, Xitoy hukumati ayrim mamlakatlarga tashrif buyurish bilan bog‘liq xavflar haqida fuqarolarni ogohlantirib boradi. Xitoy fuqarosi xorijda huquqbuzarlik sodir etsa yoki eksport nazorati qoidalarini buzsa, uning mamlakatdan chiqishi 6 oydan 3 yilgacha muddatga taqiqlanishi mumkin.
Shuningdek, viza rasmiylashtirish yoki chegaradan o‘tish vaqtida yolg‘on ma’lumot taqdim etgan xorijliklarning Xitoyga kirishi 1 yildan 5 yilgacha cheklanishi mumkin.
Yangi reglament mamlakatga kirish va undan chiqishda vositachilik qiluvchi shaxslar uchun ham majburiy ro‘yxatdan o‘tish tartibini joriy etadi. Noqonuniy faoliyat uchun 750 dollardan 7,5 ming dollargacha jarima belgilangan.
Xitoy Davlat kengashiga ko‘ra, yangi qoidalar mamlakat suvereniteti, xavfsizligi va rivojlanish manfaatlarini, shuningdek, mamlakatga kirib-chiqayotgan shaxslarning qonuniy huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonlik sayyohlar Xitoy bilan chegaradagi Xorgos nazorat-o‘tkazish punktidan soqoli bo‘lgani uchun o‘tkazilmagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi