Xitoyga kelin bo‘lgan o‘nlab o‘zbek qizlari zulmga uchramoqda

Jamiyat

image

Xitoyda yashayotgan va erkinligi turmush o‘rtog‘i tomonidan cheklanayotganini e’lon qilgan O‘zbekiston fuqarosi Shodiyona Davlatova to‘g‘risida OAVda paydo bo‘lgan materiallar yuzasidan TIV Konsullik-huquqiy departamenti rasmiy bayonot bilan chiqdi. Unda qayd etilishicha, mazkur vaziyat O‘zbekistonning Pekin shahridagi elchixonasi konsullik bo‘limi tomonidan nazoratga olingan. 

“Ushbu hamyurtimiz o‘tgan yili aprel oyida Andijon shahrida Xitoy fuqarosi bilan qonuniy nikohdan o‘tgan hamda doimiy yashash uchun XXRga uchib ketgan. Tez orada ichki oilaviy nizolar tufayli elchixona ko‘magida vatanga qaytgan. Lekin keyinroq o‘z xohishiga ko‘ra, yana turmush o‘rtog‘ining yoniga jo‘nab ketgan. 31 mart kuni Shodiyona Davlatova elchixonaga qayta murojaat qilgan va yashash sharoitlari, qolaversa, turmush o‘rtog‘i tomonidan zulm qilinayotgani to‘g‘risida shikoyat qilgan hamda O‘zbekistonga qaytish istagini ma’lum qilgan”, deyiladi TIV axborotida.  

Oilaviy kelishmovchiliklar va turmush o‘rtog‘i tomonidan berilgan va’dalarning bajarilmasligi tufayli shunday iltimos bilan O‘zbekiston fuqarosi M.T.  ham elchixonaga murojaat qilgan. M.T. vositachi firma orqali xorijlik bilan tanishgan va o‘tgan yilning dekabr oyida nikohni rasmiylashtirib Xitoyga ketgan. 

Shu munosabat bilan elchixona Xitoyning tegishli hukumat organlari bilan birgalikda mazkur fuqarolarning Toshkentga qaytishiga yordam berish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rmoqda. 

O‘zbekistonning Pekin shahridagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda Xitoy Xalq Respublikasida xuddi shunday holatga tushgan o‘nlab o‘zbekistonlik fuqarolar mavjud. Shu munosabat bilan O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonasi tomonidan ularning shaxsini aniqlash va konsullik yordami ko‘rsatish bo‘yicha tegishli ishlar tashkillashtirilgan.
 


Maqola muallifi

Teglar

TIV O'zbekiston-Xitoy

Baholaganlar

108

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing