Xitoyda vazn tashlagan xodimlarga pul berilmoqda

Olam

image

Xitoyning janubiy Guandun provinsiyasida joylashgan Insta360 kamera ishlab chiqaruvchi kompaniya o‘z xodimlari uchun “Ozing va pul ishlang” aksiyasini yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda “City News Service Shanghai” xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, qoidalar oddiy – har bir tashlangan 500 gramm vazn uchun rahbariyat 500 yuan (70 dollar) to‘laydi. Ammo aksincha, vazn ortsa, xodimning o‘zi har bir 500 gramm uchun 800 yuan jarima (112 dollar) pul to‘lashi kerak bo‘ladi. Xabarga ko‘ra, hozircha hech kim jarimaga tortilmagan. Aksiyaga 99 nafar xodim foyda qilgan bo‘lib, ular jami 950 kilogramm vazn tashlab, birgalikda 1 million yuan (139 ming 389 dollar) ishlab olgan.

Insta360 bu tashabbus sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va xodimlarning hayot hamda ishga ijobiy munosabatini rag‘batlantirishga qaratilganini bildirgan.

Ushbu g‘oya internet foydalanuvchilarida katta qiziqish uyg‘otib, ular o‘z kompaniyalari ham shunday yo‘l tutishini xohlashini aytgan.

Bunday tashabbus yangilik emas. Bungacha xuddi shu provinsiyadagi Wonderlab oziq-ovqat qo‘shimchalari ishlab chiqaruvchi kompaniya bir oylik vazn kamaytirish tanlovini o‘tkazgan. Unda 224 nafar xodim qatnashib, jami 750 kilogramm vazn tashlashgan va mukofot sifatida 171 ming yuan (23 ming 834 dollar) bo‘lishib olgan. Eng katta natija qayd etganlardan biri 16,4 kilogramm tashlab, 7600 yuan (1059 dollar) ishlab topgan.

Bu kabi dasturlar Xitoy Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasining uch yillik ilmiy asosda vazn nazoratini kuchaytirish va semirishga qarshi kurash rejasiga mos keladi. Milliy tadqiqotlarga ko‘ra, 2023 yilda Xitoydagi kattalarning 57 foizi ortiqcha vazn yoki semizlikka ega bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich 2018 yilda 51 foiz, 2013 yilda esa 46 foiz bo‘lgan. Samarali choralar ko‘rilmasa, 2030 yilga borib bu ulush 65 foizga yetishi, semizlik bilan bog‘liq sog‘liqni saqlash xarajatlari esa 418 milliard yuanga (Xitoydagi umumiy sog‘liqni saqlash xarajatlarining 22 foizi) chiqishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidentining “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan endilikda O‘zbekistonda davlat xodimlarining tana vazni o‘lchab borilishi va bu haqdagi ma’lumotlar maxsus platformaga joylanishi xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy vazn tashlash

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing