Xitoyda robotlar olimpiadada bellashadi (video)

Olam

image

Kecha, 15 avgust kuni Xitoyning Pekin shahrida inson shaklidagi robotlarning birinchi jahon o‘yinlari boshlandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Xitoyda start olgan ushbu tadbir sun’iy intellekt va robototexnika sohasidagi yutuqlarni global miqyosda namoyish etadi va 16 mamlakatdan 280 jamoani birlashtiradi. Musobaqalarning ilk kuni 100 metr masofaga yugurish bilan ochilgan. O‘yinlar 17 avgust kuniga qadar davom etadi. 

Ular “Muz lentasi” nomli arena maydonida o‘tkaziladi. Bu stadion 2022 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlarida konkida uchish bo‘yicha musobaqalarni qabul qilgan. Arena butunlay robotlar uchun yuqori texnologiyali markazga aylantirilgan bo‘lib, ularning xizmat ko‘rsatishi va zaryadlanishi uchun barcha infratuzilma bilan ta’minlangan. O‘yinlar Pekin shahar hukumati, China Media Group, Robotlar bo‘yicha Jahon hamkorlik tashkiloti va Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy RoboCup kengashi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Musobaqalarda 26 toifadagi 487 tur bo‘yicha bellashuvlar o‘tkaziladi. Dasturga an’anaviy sport turlari kiradi. Masalan, yengil atletika (2,1 metr kengaytirilgan yugurish yo‘lagi bilan) va futbol (5 ga 5). Shuningdek, robotlar orasida boks musobaqalari ham mavjud.

Jamoalar to‘liq avtonom rejim yoki masofadan boshqaruvni tanlashlari mumkin. Avtonom robotlar vizual aniqlash tizimlari va qaror qabul qilish algoritmlariga tayanadi, masofadan boshqariladiganlar esa past kechikishli barqaror tarmoqni talab qiladi, shuning uchun arena 5G-A tarmog‘i bilan jihozlangan.

Ishtirokchilar orasida yetakchi Xitoy kompaniyalari – Yushu Technology, Xinghaitu, Tiangong, shuningdek, Tsinghua, Pekin universiteti va Shanghai Jiao Tong University mavjud. 16 mamlakatdan, jumladan AQSH va Germaniyadan xalqaro jamoalar ham qatnashmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda robotlar ishtirokida dunyodagi birinchi futbol o‘yini o‘tkazilgandi. Butunlay avtonom tarzda o‘tgan ushbu futbol o‘yinida faqat sun’iy intellekt tomonidan boshqariluvchi gumanoid robotlar qatnashgan. Ular ilg‘or vizual sensorlar bilan jihozlangan bo‘lib, to‘pni aniqlay olish, maydonda harakatlanish va yiqilgach, o‘z-o‘zidan turib ketish imkoniyatiga ega edi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy robot robototexnika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing