Xitoyda farzand ko‘rish ommaviy tarzda targ‘ib qilinmoqda

Olam

image

Xitoyda aholi sonining qisqarishi fonida rasmiylar ayollardan farzand ko‘rishni rejalashtirishni so‘ray boshladi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, hozirgi kunda Xitoy hukumati “yangi tug‘ilish madaniyati”ni ilgari surmoqda. Chunki mamlakatda hozirgi avlod kamroq farzand ko‘rishni xohlayotgani kuzatilmoqda. Xususan, 500 ming kishilik aholisi bo‘lgan Pekinning Miyun tumanida mahalliy rasmiylar oilani rejalashtirish uchun maxsus tashviqot guruhini tashkil qilgan. Bu guruh mos yoshdagi juftliklarning yarmidan ko‘pi bilan kamida olti marta bog‘langan.

Bundan tashqari, ko‘plab shaharlarda bepul nikoh oldi tibbiy ko‘riklar o‘tkazilmoqda. Bir nechta ayollar nashrga bergan intervyusida tibbiy ko‘rikdan o‘tganlariga ko‘p bo‘lmay, rasmiylar ularga qo‘ng‘iroq qilib, homilador ayollar uchun mo‘ljallangan foliy kislotasini iste’mol qilishni maslahat berganini bildirgan.

Ma’lumot uchun, Xitoy 1970 yillar oxiridan boshlab tug‘ilish darajasini cheklash maqsadida “bir oila – bir bola” siyosatini yuritib kelgan. Ikkinchi farzand tug‘ilganda oilalar jarimaga tortilgan, ba’zi hollarda ayollar abort qilishga majburlangan. 2013 yilda bu siyosat yumshatilib, ota-onalarda yagona farzand bo‘lsa, ularga ikki farzand ko‘rishga ruxsat berilgan. 2015 yildan boshlab esa barcha oilalar uchun ikki bola ko‘rish cheklovi bekor qilingan. 2021 yilda esa oilalarga uch nafar bola ko‘rishga ruxsat berilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2100 yilga borib, Xitoy aholisi ikki baravar kamayib, 600 millionga tushishi mumkin. O‘tgan yil holatiga ko‘ra esa Xitoy aholisi 1,42 milliardni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Ning AQSH diplomatlari bilan telefon orqali suhbatda Pekin istisno bandida nazarda tutilgan holatlardan tashqari, Xitoydan bolalarni  asrab olishga ruxsat bermasligini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy farzand ko'rish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing