Xitoyda xodimlarni SIga almashtirish taqiqlandi
Olam
−
02 may 2916 2 daqiqa
Xitoy sudi kompaniyalar xodimlarni faqat sun’iy intellekt (SI) tizimlariga almashtirish maqsadida ishdan bo‘shatishi mumkin emasligi haqida qaror chiqardi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, sud texnologik kompaniyalardan biri o‘z xodimining ishi sun’iy intellekt yordamida avtomatlashtirilgani sababli lavozimini pasaytirishga rozi bo‘lmaganidan so‘ng, uni noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatilgan deb topgan.
Qarorda aytilishicha, kompaniyalar texnologik taraqqiyot tufayli xodimlarni bir tomonlama ishdan bo‘shatishi yoki ish haqini kamaytirishi mumkin emas. Xitoy sudi bu qarorni SI texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha global poygada qatnashish bilan birga, ichki mehnat bozorini barqarorlashtirishga qaratilgan harakatlar doirasida qabul qilgan.
Xanchjou shahar o‘rta xalq sudi tomonidan e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, Sharqiy Xitoydagi texnologik kompaniya o‘z xodimini SI joriy etilishi munosabati bilan lavozimini pasaytirishdan bosh tortgani uchun noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatgan.
“Kompaniya tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun ko‘rsatilgan asoslar shtat qisqartirilishi yoki operatsion qiyinchiliklar kabi salbiy holatlarga kirmaydi, shuningdek, “mehnat shartnomasini davom ettirishni imkonsiz qiladigan” huquqiy shartlarga ham mos kelmaydi”, deyiladi sudning 28 apreldagi qarorida.
Sudning xuddi shu ishga tayangan boshqa bayonotida ta’kidlanishicha, kompaniyalar texnologik o‘zgarishlarni ro‘kach qilib ishchilarning maoshini bir tomonlama kesib tashlash huquqiga ega emas.
Ushbu qaror Xitoy kompaniyalari davlat strategiyasi doirasida SI tizimlarini jadal joriy etayotgan bir paytda qabul qilingan. Shu bilan birga, Xitoy Kommunistik partiyasi vakillari mamlakat iqtisodiy sekinlashuv va yoshlar o‘rtasidagi ishsizlikning yuqori darajasiga duch kelayotgan bir paytda mehnat bozoridagi barqarorlikka ustuvor ahamiyat berishga tayyor ekanliklarini bildirgan.
Live
Barchasi