Xitoy yadroviy arsenalini 3-4 baravar oshiryapti – Pentagon

Olam

image

Xitoy o‘zining yadroviy arsenalini 3-4 baravar oshirmoqda. Bu haqda AQSH Mudofaa vazirining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Kolin Kol ma’lum qildi.

“Xitoy o‘zining yadroviy arsenalini juda tez sur’atlarda – uch, hatto to‘rt martagacha oshirish jarayonida”, deydi u.

Kolning ta’kidlashicha, AQSH ma’muriyati avvalroq Xitoyning strategik barqarorlik masalalarini muhokama qilish niyati haqidagi bayonotlarini eshitgan, biroq Vashington “Pekinning bunday ishlarga tayyorligini ko‘rmayapti”.

Shu bilan birga, amerikalik rasmiy uning mamlakati Xitoy bilan ziddiyatga kirishni istamasligini ta’kidlagan.

“Tayvan atrofidagi vaziyatda biz ko‘rgan yaxshi jihatlardan biri Xitoydan hech qanday yadroviy tahdid yo‘qligi edi”, deydi u.

Nensi Pelosi 2 avgust kuni kechqurun Taypeyning Sonshan aeroportiga yetib keldi va orolda bir kun ham bo‘lmay, bugun, 3 avgust kuni qaytib ketdi. Bu voqea AQSH va Xitoy munosabatlarini taranglashtirdi. Rasmiy Pekin Pelosi kelishidan oldin Tayvan yaqinida harbiy mashg‘ulotlar boshlagandi. Tashrifdan keyin esa orol atrofida bir qancha hududlarda mashg‘ulotlarga start berildi.

Tayvan va AQSH munosabatlari

Tayvan 1949 yilda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi Gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragach, orolga qochib ketganidan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan beri Tayvan kommunistlar hokimiyatga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlarini saqlab qolgan.

Qo‘shma Shtatlar 1979 yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib, ularni XXR bilan o‘rnatgan. Vashington “yagona Xitoy” siyosatini tan olish bilan birga, ayni paytda Taybey ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda va orolga qurol yetkazib bermoqda. 2020 yilda AQSHning avvalgi Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Gonkongdagi vaziyat tufayli Pekin bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Tayvan bilan aloqa va almashinuvlarni sezilarli darajada faollashtirdi, bu esa XXR rasmiylarining noroziligiga sabab bo‘ldi. 

AQSH Tayvanning asosiy qurol yetkazib beruvchisidir. Joriy yilning aprel oyida Davlat departamenti Patriot zenit-raketa tizimlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 95 million dollarlik shartnomani ma’qulladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Xitoy yadroviy arsenal

Baholaganlar

37

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing