Xitoy va Rossiyaga qarshi kuchlar birlashmoqchi
Olam
−
20 mart 2023
15505Kanada AQSH, Janubiy Koreya va Yaponiyani Rossiya va Xitoyga qarshi to‘rt tomonlama hamkorlik formati yaratishga taklif qildi. Bu haqda bugun, 20 mart kuni hukumatdagi manbalarga tayanib, “Kyodo” agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Kanada tomoni bu g‘oyani Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisidaga joriy yilning yanvar oyida, Kanadaga borganida taklif qilgan. Ottavaga ko‘ra, bu Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi liberal-demokratik lagerga mansub davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari bu g‘oyani olqishlagan, biroq Yaponiya Kanadaga konsepsiyani amalga oshirish uchun vaqt kerakligini aytgan. Tokioning ehtiyotkor munosabatiga Yaponiya va Janubiy Koreya o‘rtasidagi so‘nggi yillarda tarixiy masalalar bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli keskinlashgan munosabatlar sabab bo‘lishi mumkin. Biroq mart oyida Seul munosabatlarni normallashtirish rejasini taklif qilgan, shundan so‘ng Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sek Yol Tokioga tashrif buyurgan.
Manbaga ko‘ra, Kanada taklif etayotgan format Xitoyga qarshi turish uchun ishlab chiqilgan Avstraliya, Hindiston, AQSH va Yaponiyani o‘z ichiga olgan to‘rt tomonlama xavfsizlik muloqotiga (QUAD) o‘xshaydi. QUAD singari, Ottava ham demokratiya, qonun ustuvorligi va inson huquqlari kabi umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib qilish, iqlim o‘zgarishi va boshqa global muammolarni hal qilish uchun hamkorlar bilan ishlamoqchi.
Kanadaning taklifiga may oyida Xirosimada bo‘lib o‘tadigan G7 sammiti doirasidagi ikki tomonlama uchrashuvlarda to‘xtalinishi mumkin. Janubiy Koreya Kanada, AQSH va Yaponiyadan farqli ravishda G7 a’zosi bo‘lmasada, Tokio ushbu tadbirga Janubiy Koreya yetakchisini ham taklif qilmoqchi.