Xitoy Trampga javob qaytardi
Olam
−
11 dekabr 2020
11981AQSH dunyodagi mamlakatlar o‘rtasida koronavirusning haqiqiy va eng yirik manbasiga aylandi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Xua Chunin AQSH Prezidenti Donald Trampning koronavirusni “Xitoy virusi” deganiga javoban shunday dedi.
“AQSH aholisi dunyodagi aholining 4,2 foizini tashkil qiladi, ammo koronavirus yuqtirganlar soni dunyo bo‘yicha tasdiqlangan tashxislarning 22,2 foizini egallamoqda. AQSHda har bir million odam uchun o‘lim dunyoning qolgan qismiga qaraganda deyarli besh baravar ko‘pdir. Hozir AQSH haqiqiy va eng katta “virus manbai”ga aylanganini hamma ko‘rishi mumkin”, degan Xua Chunin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi tadqiqotlar koronavirus Xitoyda paydo bo‘lishidan oldin boshqa mamlakatlarda tarqalganini ko‘rsatgan.
“Biz amerikalik siyosatchilarga faktlar va ilm-fanga hurmat ko‘rsatib, siyosiy manipulyatsiyani to‘xtatishni maslahat beramiz”, degan Xitoy TIV vakili.
Ma’lumot uchun, AQSH Prezidenti Donald Tramp advokati Rudolf Julianida koronavirus aniqlanganda ham, koronavirusni “Xitoy virusi” deb atagandi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 15,7 milliondan oshgan. 293 mingdan ko‘p kishi vafot etgan. Ikkala ko‘rsatkich bo‘yicha ham AQSH dunyoda birinchi o‘rinda turadi.
LiveBarchasi