Xitoy TIV Fransiyadagi elchisining gaplariga izoh berdi

Olam

image

Xitoy Qrim bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarmagani va barcha mamlakatlar suverenitetini hurmat qilishini ma’lum qildi. Bu haqda bugun, 24 aprel kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Ning Xitoyning Fransiyadagi elchisi Lu Shayning 21 aprelda LCI telekanaliga bergan intervyusiga izoh berdi.

Gap shundaki, Lu Shay telemuloqot chog‘ida Qrimni Ukrainaning yeri deb tan olishdan bosh tortgandi. Shuningdek, u postsovet davlatlari, jumladan, O‘zbekistonning ham suverenitetini kuchli huquqiy asosga ega emasligini aytgan.

“Xitoyning tegishli masala bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarmadi. Hududiy suverenitetga nisbatan Xitoyning pozitsiyasi doimo aniq bo‘lib kelgan. Xitoy barcha mamlakatlar suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qiladi hamda BMT Nizomining maqsad va tamoyillarini qo‘llab-quvvatlaydi”, degan Mao Ning.

Uning qayd etishicha, Xitoyning Ukraina masalasidagi pozitsiyasi aniq va izchil. Shuningdek, Mao Ning Xitoy xalqaro hamjamiyat bilan Ukraina inqirozini siyosiy yo‘l bilan hal qilishga hissa qo‘shishda davom etishga tayyor ekanini, biroq ayrim ommaviy axborot vositalari Xitoyning Ukraina masalasidagi pozitsiyasini noto‘g‘ri talqin qilayotgani hamda Xitoy va tegishli davlatlar o‘rtasida kelishmovchilikni keltirib chiqarayotganini aytgan.

Bundan tashqari, u Xitoy SSSR tarkibiga kirgan barcha respublikalarning suverenitetini hurmat qilishini ta’kidlagan.

“SSSR parchalanganidan so‘ng Xitoy birinchilardan bo‘lib turdosh davlatlar bilan diplomatik aloqalar o‘rnatdi. Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan beri Xitoy doimo o‘zaro hurmat va teng huquqlilik tamoyiliga amal qilib, ikki tomonlama do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini rivojlantirdi. Xitoy Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin tuzilgan respublikalarning suveren maqomini hurmat qiladi”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, Xitoyning Fransiyadagi elchisi Lu Shay Qrimning maqomi haqida fikr bildirar ekan, u aslida Rossiyaniki ekanini aytgandi. Shuningdek, elchi “sobiq SSSR mamlakatlari xalqaro huquqqa muvofiq haqiqiy maqomga ega emas, chunki ularning suveren davlat sifatidagi maqomini belgilovchi xalqaro shartnoma yo‘q”, deb ta’kidlagan. Shundan so‘ng, Litva, Latviya va Estoniya Xitoyning o‘z mamlakatlaridagi diplomatik vakillarini bu bo‘yicha tushuntirish berish uchun Tashqi ishlar vazirligiga chaqirishga qaror qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy Qrim

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing