Xitoy Tashqi ishlar vaziri Tojikistonga keladi

Olam

image

Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I Tojikistonga rasmiy tashrif bilan keladi. Bu haqda Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Bildirilishicha, Van Ining mamlakatga safari Tojikiston TIV rahbari Sirojiddin Muxriddinning taklifiga binoan amalga oshiriladi. Xitoyning bosh diplomati 17-18 may kunlari Tojikistonda bo‘ladi.

Tashrif chog‘ida Van I Tojikiston tomoni bilan mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirish masalalarini muhokama qilishi kutilmoqda. Uning Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashuvi, shuningdek, Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muxriddin bilan muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida yaqin ikki yilga (2024-2025 yillarga) mo‘ljallangan hamkorlik dasturining imzolanishi tashrifning muhim daqiqalaridan biri bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, hozirda Xitoy Bosh vaziri o‘rinbosari Lyu Gochjunning Markaziy Osiyo davlatlariga safari davom etmoqda. U allaqachon O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyevning qabulida bo‘lgan va Hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy hukumatlararo qo‘mitasining yettinchi yig‘ilishida qatnashgan. Bugun, 16 may kuni Lyu Gochjun Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev qabulida bo‘ldi. U Qozog‘istondan so‘ng Qirg‘izistonga ham boradi. Xitoy Bosh vaziri o‘rinbosarining Markaziy Osiyodagi 3 davlatga safari 20 maygacha davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron Markaziy Osiyo davlatlari va Mo‘g‘ulistonga safar qilgandi. Kemeron mazkur safardan Markaziy Osiyo mamlakatlariga Buyuk Britaniya hamda mintaqada ta’sir o‘tkazish uchun kurashayotgan Rossiya va Xitoy bilan hamkorlik qilish o‘rtasida “tanlov” qilish imkonini berishni ko‘zlaganini ochiq aytdi. Kemeron ketganidan ko‘p o‘tmay, 26 aprel kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin Toshkentda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashdi. Uchrashuvdan so‘ng matbuotga bayonot bergan Galuzin Kemeronning O‘zbekistonga tashrifi Rossiyaga maksimal darajada zarar yetkazishga va uni ittifoqdoshlaridan uzoqlashtirishga qaratilganini ta’kidladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston Xitoy Van I

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made