Xitoy Rossiyaga halokatli qurollar yetkazib bermoqchi – Britaniya
Olam
−
23 may
10363London va Vashingtonda Xitoy Rossiya Federatsiyasiga Ukrainadagi urushda qo‘llash uchun mo‘ljallangan halokatli qurollarni yetkazib berishni rejalashtirayotgani haqida ma’lumot bor. Bu haqda Britaniya Mudofaa vaziri Grant Shepps mudofaa va xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan London anjumanida so‘z ochdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Britaniya va Amerika razvedkasida o‘limga olib keladigan harbiy yordam hozir Xitoydan Rossiyaga yetkazib berilayotgani yoki yetkazilishi, keyin esa Ukrainada qo‘llanishi haqida dalillar mavjud. Shepps buni "vaziyatning sezilarli o‘zgarishi" deb atadi.
"Biz xavotirda bo‘lishimiz kerak, chunki bu mojaro boshida Xitoy Rossiyani tiyib turgan kuch sifatida ko‘rinishga harakat qildi", deydi Shepps.
Vazirning qo‘shimcha qilganidek, G‘arbning Rossiyaga qarshi turishga qaratilgan sa’y-harakatlariga qaramay, bu sohada yetarlicha ishlar qilinmayapti.
“Demokratik dunyo to‘g‘ri gapirmoqda va asosan to‘g‘ri ishlarni qilmoqda, ammo bu muhim daqiqada talab qiladigan darajada yoki tezlikda emas”, deydi Mudofaa vaziri.
Shepps yo‘lakning ikki tomonida birdek harakat qilishga urinayotgan davlatlarni ikkiyuzlamachilik qilishni to‘xtatishga chaqirdi. Bu bilan u Rossiyaga neft va energiya uchun muqobil bozorlarni taqdim qilayotganlarni nazarda tutgan. Mudofaa vaziri o‘z so‘zi oxirida Rossiya Federatsiyasiga qarshi bosimni kuchaytirish va harbiy xarajatlarni oshirishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, shu oy boshida Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron Kiyev kuchlari Rossiya ichidagi nishonlarga zarba berish uchun Britaniyaning uzoq masofali qurollaridan foydalanishi mumkinligini aytgandi.
LiveBarchasi