Xitoy Rossiyadan neft xarid qilishni keskin oshirdi
Olam
−
21 fevral 4305 2 daqiqa
Xitoy Rossiyadan neft xaridini keskin oshirdi. Bunga Hindistonning Rossiya neftini import qilishni qisqartirgani sabab bo‘lgan. Bu haqda bugun, 21 fevral kuni “Bloomberg” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, fevral oyining dastlabki 18 kunida Rossiyaning Xitoyga neft yetkazib berish hajmi kuniga 2,09 million barrelgacha yetgan. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich yanvarda 1,72 million barrelni, dekabrda esa 1,39 million barrelni tashkil etgan.
Shu bilan birga, Rossiyaning Hindistonga neft eksporti kuniga taxminan 1,2 million barrelgacha kamaygan. Bu 2025 yil iyun oyida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdan qariyb 40 foizga past.
Tahlilchilarga ko‘ra, Xitoy hozirda Rossiya nefti uchun “oxirgi xaridor” rolini bajarmoqda. Tahlilchi Jun Guoning aytishicha, katta chegirmalar Xitoy kompaniyalari uchun muhim rag‘bat bo‘lmoqda.
Biroq, ta’minotni Xitoyga yo‘naltirish logistika jihatidan murakkab. Rossiyaning Boltiqbo‘yi portlaridan Xitoyning Shandun provinsiyasigacha bo‘lgan masofa taxminan 23 300 kilometrni tashkil etadi. Hindistonning Jamnagar portigacha bo‘lgan yo‘l esa qariyb 14 200 kilometr. Uzoq yo‘nalishlar va tankerlarning kechikishi sabab “suvdagi” neft hajmi 140 million barrelgacha oshgan. Bu 2025 yil avgust oxiridagi ko‘rsatkichdan 60 foiz yuqori.
Nashrning yozishicha, neft yo‘nalishidagi o‘zgarishlar 2025 yil avgust oyida Hindiston AQSH bosimi ostida xaridlarni qisqartirishni boshlaganidan so‘ng yuzaga kelgan. Shundan so‘ng Rossiya Xitoy xaridorlariga chegirmali narx taklif qilib, eksportni shu yo‘nalishga ko‘proq yo‘naltira boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat neft sotib olishda milliy manfaatlardan kelib chiqishini ma’lum qilgandi.