Xitoy raketasi parvozdan 90 soniya o‘tmay portlab ketdi (video)
Texnologiya
−
16:28 2530 2 daqiqa
“Long March 7A” raketa-tashuvchisi Venchan kosmodromidan (Xitoy janubidagi Xaynan oroli) uchirilganidan so‘ng ko‘p o‘tmay portlab ketdi. Agar muammo dvigatellarda bo‘lib chiqsa, bu mamlakatdagi boshqa parvozlar muddatiga ta’sir qilishi mumkin. Bu haqda “Space” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa kecha, 10 avgust kuni Pekin vaqti bilan soat 20:02 atrofida yuz bergan. Raketa havoda startdan atigi 85 soniya o‘tgach portlab ketgan.
“Long March 7A” orbitaga “Zhongxing-4B” aloqa sun’iy yo‘ldoshini olib chiqishi kerak bo‘lgan. Portlash raketaning birinchi bosqichi ajralishidan oldin yuz bergan va sun’iy yo‘ldosh ham portlab ketgan.
“Sinxua” parvoz paytida “favqulodda vaziyat” yuz bergani va bu portlashni keltirib chiqarganini xabar qildi. Hozirda uning sabablarini aniqlash uchun surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Biroq sun’iy yo‘ldoshning harbiy maqomi sababli hodisa tafsilotlari katta ehtimol bilan sir saqlanadi. Raketa parvozlari bo‘yicha tahlilchi Georgiy Trishkin bu halokatni “o‘ta ajabtovur” deb atagan.
“Bu kabi halokatlar o‘tgan asrning o‘rtalarida kosmik poyganing ilk davrida uchrab turar edi, ammo hozir bu hayrat uyg‘otadi. Ayniqsa, bu uning 18-uchirilishi bo‘lgan raketa uchun kutilmagan holdir”, deydi u.
Ekspertning aytishicha, hodisaga ishlab chiqarishdagi nuqson ham, parvozni rejalashtirishdagi xatoliklar ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Markaziy bosqichdagi YF-100 dvigatellarida ham muammolar yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, ushbu dvigatel Xitoy raketalarida eng keng qo‘llaniladiganlardan biri hisoblanadi va undagi nosozlik mamlakatdagi boshqa parvozlar muddatiga ta’sir qilishi mumkin.
“Xitoyda har yili bir nechta raketa halokati yuz beradi, bu birinchi navbatda parvozlar sonini oshirish va yangi tizimlarni foydalanishga topshirishning yuqori sur’atlari bilan bog‘liq. Joriy yilda bu allaqachon to‘rtinchi halokat – bu barcha mamlakatlar orasidagi antirekorddir”, deya xulosa qiladi tahlilchi.
Xitoy uchun bu haqiqatan ham joriy yildagi to‘rtinchi muvaffaqiyatsiz parvoz. 17 yanvar kuni birdaniga ikkita uchirish muvaffaqiyatsizlikka uchragan edi. Aprel oyi boshida egasi Falcon 9 ko‘p martalik raketasiga Xitoyning javobi bo‘lishi kerak bo‘lgan Tianlong-3 raketasining uchirilishi ham halokat bilan yakunlandi.
“Long March 7A” loyihasi uchun ushbu nosozlik 2020 yil martidagi ilk parvozidan beri ikkinchisi bo‘ldi: o‘shanda ham missiya barbod bo‘lgan edi. Umuman olganda, bu ushbu raketaning 18-uchirilishi edi.
Live
Barchasi