Xitoy Panama kanalidagi muhim portlar nazoratini AQSHga beradi
Olam
−
05 mart 2025 7203 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Trampning bosimi ostida Gonkongda joylashgan Hutchison xoldingi Panama kanali hududidagi ikki asosiy port ustidan nazoratni Amerika konsorsiumiga topshirishga qaror qilganini e’lon qildi. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, CK Hutchison Holdings kompaniyasi Panama Ports Company’dagi 90 foizlik ulushini sotishini ma’lum qildi. Ushbu kompaniya kanalning har ikki tomonida joylashgan “Balboa” va “Kristobal” portlarini boshqaradi. Sotuv bitimi BlackRock boshchiligidagi amerikalik investitsiya konsorsiumi foydasiga amalga oshiriladi.
Bitim shartlariga ko‘ra, qiymati 14 milliard dollardan oshiq bo‘lgan ushbu kelishuv natijasida amerikaliklar Hutchison’ning 80 foiz aktivlarini ham qo‘lga kiritadi. Ular orasida Britaniya, Germaniya, Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyoda joylashgan 23 davlatdagi 43 port va infratuzilma ob’ektlari mavjud.
Tahlilchilarning fikricha, asosiy portlar ustidan nazorat topshirish to‘g‘risidagi qaror AQSHning yangi ma’muriyati bosimi ostida qabul qilingan bo‘lishi mumkin. Donald Tramp prezidentlikning dastlabki kunlarida asossiz ravishda Panama kanalini Xitoy nazorat qilayotganini da’vo qilgan va uni AQSH nazoratiga qaytarish bilan tahdid qilgan edi.
Tramp hatto kanalni kuch ishlatib egallash ehtimolini ham istisno etmagan, bu esa Panama hukumati va mahalliy aholining keskin noroziligiga sabab bo‘lib, ommaviy norozilik namoyishlariga olib kelgan.
Biroq Hutchison va amerikalik xaridorlar bitimning siyosat bilan bog‘liq emasligini ta’kidlamoqda.
“Men shuni alohida ta’kidlashni istardimki, bu bitim faqatgina tijoriy xarakterga ega va yaqinda Panama portlariga oid siyosiy yangiliklar bilan mutlaqo bog‘liq emas”, dedi Hutchison kompaniyasi rahbarlaridan biri Frenk Sikst.
Panama hukumati ham bitimga aloqador emasligini bildirdi.
“Bu xalqaro miqyosdagi shartnoma bo‘lib, shaxsiy kompaniyalar o‘z manfaatlarini hisobga olgan holda qaror qabul qilishgan”, deyiladi hukumat rasmiy bayonotida.
“Bloomberg” nashrining yozishicha, Hutchison strategik jihatdan Panamada emas, boshqa hududlarda manfaatlarini rivojlantirishni ma’qul ko‘rgan.
AQSH Harbiy kolleji professori Evan Ellis esa Hutchison ham, Panama ham kelajakka oid o‘z strategik qarorlarini qabul qilishga majbur bo‘ldi, deb hisoblaydi.
Boshqa bir mutaxassis — Eurasia Group’ning Lotin Amerikasi bo‘yicha direktori Risa Greys-Targou bu bitim Panama Prezidenti Xose Raul Mulino uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlaydi. Uning fikricha, Trampning kanalni egallash haqidagi tahdidlariga javob berish uchun Mulino allaqachon qandaydir chora ko‘rishi kerak edi. Endi esa, bu bitim orqali u Tramp talab qilgan “Xitoy izlarini” qidirishga majbur bo‘lmaydi.
“Bloomberg” manbalariga ko‘ra, AQSH ma’muriyati va Kongress allaqachon bitim haqida xabardor, ammo rasmiy izoh berilmagan.
Ma’lumot uchun, Panama kanali asosan AQSH mablag‘lari hisobiga qurilgan va 1920 yilda rasmiy ravishda ochilgan. U uzoq yillar davomida AQSH nazorati ostida bo‘lib kelgan, biroq 1999 yilda rasmiy ravishda Panamaga topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Panama BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga AQSH Prezidenti Donald Trampning Panama kanali ustidan nazoratni qo‘lga kiritish niyati haqidagi bayonotlari yuzasidan shikoyat bilan maktub yo‘llagan edi.