Xitoy odamsimon robotlarni ommaviy ishlab chiqarishni boshlaydi

Texnologiya

image

Xitoyning UBTech Robotics kompaniyasi korxonalar uchun odamsimon sanoat robotlarini joriy yil oxirigacha ommaviy ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda UBTech kompaniyasining bosh brend-menejeri Maykl Temga tayanib, “South China Morning Post” nashri xabar berdi.

“Shenchjenda joylashgan UBTech Robotics kompaniyasi odamsimon robotlarni ommaviy ishlab chiqarishni joriy yil oxirigacha yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda”, deydi Maykl Tem. 

Temning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilda UBTech o‘z mijozlari va hamkorlariga, jumladan avtomobil ishlab chiqaruvchilar, Foxconn va SF Express logistika kompaniyasiga, Walker S seriyasidagi 500-1000 ta sanoat robotini yetkazib beradi.

Uning ta’kidlashicha, UBTech’ning asosiy maqsadi odamsimon robotlarni har bir oilaga joriy etish bo‘lsa-da, hozirgi bosqichda kompaniyaning asosiy e’tibori sanoat robotlariga qaratilgan. Menejerning fikricha, fabrikalar odamsimon robotlarga muhtoj, chunki ular ishchi kuchining yetishmasligi muammosini hal qilishda yordam beradi. Unga ko‘ra, joriy yilda yetkazib beriladigan robotlarning 60 foizdan ortig‘i yangi model – Walker S2 bo‘ladi. Walker S2 joriy yilning ikkinchi choragida ishlab chiqariladi va hozirgi S1 versiyasiga qaraganda yengil va mustahkam tuzilmaga ega bo‘ladi. Shuningdek, UBTech yil oxirigacha yanada takomillashtirilgan versiya – Walker S3 modelini taqdim etishni rejalashtirmoqda. 

UBTech kompaniyasi 2012 yilda ta’sis etilgan bo‘lib, bugungi kunda Xitoydagi robototexnika bozoridagi eng yirik ishtirokchilardan biri hisoblanadi. 2024 yil oktyabr oyida kompaniya Walker S1 odamsimon sanoat robotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro robototexnika federatsiyasi sanoatda eng ko‘p robotlardan foydalanadigan davlatlar reytingini e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, Janubiy Koreya ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallagan va mamlakatda ishchi kuchining 10 foizdan ortig‘ini robotlar tashkil etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy odamsimon robot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing