Xitoy koinotga inson embrionlarini uchirdi
Bu qiziq
−
13 may 1395 2 daqiqa
Xitoylik olimlar insonning ko‘payish imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida koinotda inson embrionlari bilan tajriba o‘tkazishni boshladi. Bu haqda “South China Morning Post” xabar berdi.
Gazetaning davlat telekompaniyasiga tayanib xabar berishicha, insonning sun’iy embrionlari joriy yilning 11 may kuni “Tyanchjou-10” uchuvchisiz yuk tashuvchi kosmik kemasi bortida “Tyangun” kosmik stansiyasiga yetkazilgan.
Loyiha rahbari Yuy Letsyanning so‘zlariga ko‘ra, asosiy maqsad – insonning Yerdan tashqaridagi hududlarda ehtimoliy yashab qolishiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida, gravitatsiya (va vaznsizlik)ning rivojlanishning ilk bosqichlariga ta’sirini o‘rganishdir.
“Biz oqibatlarni yumshatish uchun muayyan texnologiyalardan foydalanishimiz mumkin. Bu bizning: “Insonlar koinotda yashab qola olishadimi va ko‘paya olishadimi?” degan savollarga javob berish yo‘lidagi ilk urinishimizdir. Umid qilamanki, javob ijobiy bo‘ladi”, deydi Xitoy Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti Davlat hujayra va reproduktiv biologiya laboratoriyasi professori va ilmiy xodimi Yuy Letsyan.
Uning qayd etishicha, embrionlar haqiqiy inson embrionlariga o‘xshash tuzilishga ega bo‘lgan o‘zak hujayralardan sun’iy ravishda yaratilgan. Garchi ular embrional bosqichdan nariga rivojlanishga qodir bo‘lmasa-da, olimlarga insonning ilk rivojlanish imkoniyatlarini o‘rganishda yordam berishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xitoylik olimlar Oydan olingan namunalar tarkibida ilgari noma’lum bo‘lgan ikkita yangi mineral borligini aniqlagan edi.
Live
Barchasi