“Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temiryo‘li qurilishi qachon boshlanishi aytildi
Olam
−
24 iyun
6755“Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temiryo‘li qurilishi joriy yilning 25 avgust kuni boshlanadi. Bu haqda Qirg‘iziston Bosh vaziri Oqilbek Japarov Chuy viloyatida quvvati 2 MVt bo‘lgan “Issiq-Ota-1” kichik gidroelektr stansiyasining ochilish marosimida ma’lum qildi.
“Umid qilamizki, 25 avgust kuni biz bu temiryo‘lni qurishni boshlaymiz. Sovet Ittifoqi davrida temiryo‘l qurilishi bizga kelib to‘xtab qoldi. Endi u qurilish arafasida. Bu Shanxaydan Parijgacha bo‘lgan eng qisqa yo‘l. Biz buni yiliga 15 million tonna yuk deymiz. Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini hisoblashni tugatdik. U yaqin 15-20 yil ichida o‘zini oqlaydi. Agar xohlasak, 30 yildan so‘ng temiryo‘lni o‘zimizga olib, dengizga, dunyoga savdo-sotiq qilish uchun chiqamiz”, degan Bosh vazir.
Mamlakatning Transport va kommunikatsiyalar vaziri o‘rinbosari Irisbek Bariyevning so‘zlariga ko‘ra, loyiha qiymati 4 milliard 665 million dollarni tashkil etadi. Shundan kelib chiqib, Qirg‘iziston, Xitoy va O‘zbekiston birgalikda buning yarmini – 2 milliard 332 million dollarni to‘laydi. Uning 51 foizini Xitoy, 24,5 foizini Qirg‘iziston va O‘zbekiston qoplaydi. Bunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya sifatida rasmiy Pekin 1 milliard 187 million dollar, Bishkek 573 million dollar va Toshkent 573 million dollar sarmoya kiritishi kerak.
Mablag‘ning ikkinchi yarmi – 2 milliard 332 million dollar Xitoy tomonidan uchta davlat tomonidan tuzilgan Qo‘shma dizayn kompaniyasiga kredit sifatida beriladi.