Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘liga qancha pulni Pekin tikayotgani ochiqlandi

Olam

image

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘l loyihasining umumiy qiymati 4,7 milliard AQSH dollariga baholanmoqda. Loyiha qiymatining yarmini Xitoy uch mamlakat ishtirokida tashkil etilgan kompaniyaga 35 yillik muddatga kredit sifatida ajratmoqda. Bu haqda “24.kg” xabar berdi. 

Qayd etilishicha, bugun, 16 dekabr kuni Qirg‘izistonda Bosh vazir  o‘rinbosari Bakit Torobayev ishtirokida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘l loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha kredit shartnomasini imzolash marosimi bo‘lib o‘tgan. 

Shartnoma “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘l kompaniyasi” MCHJ (qo‘shma loyiha kompaniyasi), Xitoy taraqqiyot banki va Eksimbank kabi Xitoy banklari sindikati o‘rtasida tuzilgan. 

Temir yo‘l loyihasining umumiy qiymati 4,7 milliard dollarga baholanmoqda. Mablag‘ning yarmi, taxminan 2,3 milliard dollar, Xitoy tomonidan uch mamlakat tomonidan tashkil etilgan qo‘shma loyiha kompaniyasiga 35 yillik kredit sifatida taqdim etiladi. 

Bu summa to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xitoy tomonidan qaytariladi. Qolgan 2,3 milliard dollar uch mamlakat tomonidan kompaniyaning ustav kapitaliga quyidagi foizlarda qo‘shiladi: Xitoy (51 foiz), Qirg‘iziston va O‘zbekiston (har biri 24,5 foizdan). 

Hujjatlarni imzolash marosimida so‘zga chiqqan Bakit Torobayev Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi va qo‘shma loyiha kompaniyasi o‘rtasidagi investitsiya shartnomasining asosiy qoidalaridan biriga ko‘ra, loyihani to‘liq moliyaviy qo‘llab-quvvatlash 2025 yil 20 dekabrgacha amalga oshirilishi kerakligini ma’lum qilgan. 

“Ushbu yutuq yuksak e’tirofga loyiq va uch mamlakat tomonidan tashkil etilgan Qo‘shma Loyiha Kompaniyasining xalqaro darajadagi loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini yaqqol namoyish etadi”, deydi Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari. 

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘l kompaniyasi bosh direktori Chjou Sinning bildirishicha, qo‘shma loyiha kompaniyasi nafaqat jalb qilingan mablag‘lardan samarali foydalanishga, balki kelishuv bo‘yicha barcha majburiyatlarning ishonchli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlashga ham e’tibor qaratadi.  

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lining qurilishi mintaqadagi eng texnik va muhandislik jihatidan murakkab loyihalardan biridir. U umumiy uzunligi 120 kilometr bo‘lgan 50 ta ko‘prik va 29 ta tunnel qurilishini o‘z ichiga oladi. 

Bu shuni anglatadiki, butun yo‘nalishning taxminan 40 foizi tunnellar va ko‘priklar orqali o‘tadi. Qirg‘izistondagi temir yo‘lning umumiy uzunligi 304 kilometrni tashkil qiladi. 

Eslatib o‘tamiz, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga 2024 yil 27 dekabrda start berilgan edi. Sadir Japarov “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temiryo‘li qurilishiga ramziy tosh qo‘yish marosimida ishtirok etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing