Xitoy Isroilni G‘azo bo‘yicha xomxayollarga berilmaslikka chaqirdi
Olam
−
21 Sentabr
7018Xitoyning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili o‘rinbosari Gen Shuan Isroilni G‘azo sektorida kuch ishlatish va to‘liq harbiy g‘alaba haqidagi illyuziyalarga tayanishdan voz kechib, Livan suvereniteti va xavfsizligiga tajovuz qilishni bas qilishga chaqirdi. Bu haqda u kecha, 20 iyul kuni BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda yig‘ilishida ma’lum qildi.
Shuan G‘azoda davom etayotgan janglarning ta’siri kattaroq sur’atlarda namoyon bo‘layotgani, Isroil esa butun Yaqin Sharq tinchligi va barqarorligiga raxna solib, keng qamrovli mojaro yoqasida turganini bildirgan.
“Xitoy Isroilni kuch ishlatish va to‘liq harbiy g‘alabaga intilish illyuziyasidan voz kechishga, G‘azodagi harbiy amaliyotlarini zudlik bilan to‘xtatishga, Livan suvereniteti va xavfsizligiga tajovuz qilishni to‘xtatishga va mintaqaga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan har qanday xavf-xatarni barham berishga chaqiradi”, degan u.
Falastin tomonidan taklif qilingan va 18 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining favqulodda maxsus sessiyasi tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyani “tarixiy yodgorlik” deb ta’riflagan Gen Shuan rezolyutsiyada Isroildan bosib olingan Falastin hududidagi yerlarni qaytarishni talab qilib, xalqaro huquq ustuvorligini ta’minlash kerakligini yana bir bor eslatib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, rezolyutsiya xalqaro hamjamiyatning “Yaqin Sharqda adolatni ta’minlash va tinchlikni amalga oshirish” bo‘yicha keng konsensusini o‘zida mujassam etgan. U xalqaro hamjamiyatni zudlik bilan ikki davlat asosidagi yechim imkoniyatlarini jonlantirish uchun harakat qilishga chaqirdi.
Elchining ta’kidlashicha, Xavfsizlik Kengashi xalqaro hamjamiyatning chaqiriqlariga qaramay, bir alohida davlatning salbiy munosabati tufayli Falastin masalasini hal qilish yoki qariyb bir yildan beri davom etayotgan G‘azo mojarosini to‘xtatish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘ra olmadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT Bosh assambleyasi Isroildan Falastinning bosib olingan hududlaridan kuchlarini olib chiqishni talab qiluvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Falastin tomonidan o‘nlab boshqa davlatlar bilan birgalikda taklif etilgan rezolyutsiya uchun 124 ta delegatsiya ovoz berdi. Ular orasida O‘zbekiston ham bor. 43 ta davlat betaraf qoldi, 14 tasi esa qarshi chiqdi.
LiveBarchasi