Xitoy fuqarolari Rossiyaga kiritilmadi. Pekin tushuntirish talab qildi
Olam
−
05 avgust 2023 13428 1 daqiqa
Xitoyning Rossiyadagi elchixonasi Rossiyaga kirishi taqiqlangan besh nafar xitoylik fuqaroga nisbatan munosabatni tanqid qilib, bunday holatni ikki davlat o‘rtasidagi umumiy do‘stona munosabatlarga mos kelmasligini aytdi. Bu haqda elchixonaning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilingan bayonotga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Aytilishicha, o‘tgan oy oxirida Qozog‘istondan Rossiyaga o‘tmoqchi bo‘lgan besh nafar Xitoy fuqarosining to‘rt soatlik tekshiruvdan so‘ng ham mamlakatga kirishiga ruxsat berilmagan va ularning vizalari bekor qilingan.

Elchixona xodimlari Rossiya Tashqi ishlar vazirligi va chegara idoralari vakillari bilan uchrashib, rasmiy Moskvadan ushbu hodisa yuzasidan tushuntirish talab qilgan.
“Rossiya tomonidan ushbu hodisaga nisbatan shafqatsiz choralar ko‘rilgani Xitoy fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlariga jiddiy zarar yetkazdi. Bu do‘stona Xitoy-Rossiya munosabatlarining umumiy ahvoliga to‘g‘ri kelmaydi”, deyiladi Xitoy elchixonasi bayonotida.
Bayonotda Rossiya rasmiylarining javobi ham keltirilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, xitoyliklarning Rossiyaga kirishiga ruxsat berilmagan, chunki “viza arizasida ko‘rsatilgan manzil haqiqiy manziliga to‘g‘ri kelmagan”. Rossiya tomoni mamlakat kamsitish siyosatini olib bormasligi va Xitoy fuqarolarining mamlakatga tashrifi mamnuniyat bilan qabul qilinishi bildirilgan.
O‘z navbatida, Xitoy elchixonasi Rossiyadan qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazish va qoniqarli javob berishni so‘ragan.
Live
Barchasi