Xitoy Falastinga yordam berishda davom etishini ma’lum qildi
Olam
−
23 Oktabr 2023
18285Xitoy Falastinga gumanitar yordam ko‘rsatishda davom etadi. Bu haqda Xitoy hukumatining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Chjay Szyun ma’lum qildi.
"Xitoy Falastinga BMT va ikki tomonlama kanallar orqali G‘azo aholisi duch kelayotgan inqirozni yumshatish uchun favqulodda gumanitar yordam ko‘rsatgan va ko‘rsatishda davom etadi. Xitoy Misrning G‘azo sektoridagi ahvolni yaxshilashga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholaydi”, deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Xitoy markaziy televideniyesi.
Maxsus vakilning ta’kidlashicha, hozirda Falastin-Isroil mojarosi keskinligicha qolmoqda.
“G‘azodagi vaziyat juda jiddiy va tinch aholining hayotiga nisbatan xavf hech qachon bunchalik katta bo‘lmagan”, deydi u.
Chjay Szyunning so‘zlariga ko‘ra, Isroilning Livan va Suriya bilan chegarasidagi to‘qnashuvlar ham xavotirga sabab bo‘lmoqda.
“Xalqaro hamjamiyat bu borada hushyorlikni kuchaytirishi, zudlik bilan chora ko‘rishi, barcha tegishli tomonlarni xalqaro gumanitar qonunlarga qat’iy rioya qilishga chaqirishi, jiddiy gumanitar ofatlarning oldini olish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishi, vaziyatni nazorat qilish va uning kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun birgalikda harakat qilishi kerak”, deydi diplomat.
Eslatib o‘tamiz, 20 oktyabr kuni g‘azoliklar uchun asosiy oziq-ovqat, suv va dori-darmonlardan iborat gumanitar yordam manzilga muvafaqqiyatli yetib borgani xabar berilgan edi. Bu urush boshlanganidan beri G‘azo sektori uchun ajratilgan birinchi gumanitar yordam hisoblanadi.
LiveBarchasi