Xitoy elchisi Germaniya TIVga chaqirtirildi
Olam
−
31 iyul
6174Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Xitoy elchisini Germaniya idoralaridan birida uch yil avval sodir etilgan kiberhujum munosabati bilan chaqirdi. Bu haqda bugun, 31 iyul kuni TIV vakiliga tayanib, “Deutsche Welle” xabar berdi.
“2021 yilda Federal kartografiya va geodeziya idorasiga xakerlar hujumi josuslik maqsadida amalga oshirilgan va hozirda buning ortida Xitoy hukumati organlari turgani isbotlangan”, deydi Germaniya TIV vakili.
Germaniya hukumati “eng kuchli tarzda” hujumni qoraladi va Pekinni “bunday harakatlardan tiyilishga” chaqirdi. Germaniya Ichki ishlar vaziri Nensi Fazer “jiddiy kiberhujum”ni e’lon qildi, bu Xitoyning Germaniyaga qarshi bunday harakatlar qilish xavfi qanchalik katta ekanligini ko‘rsatadi.
Qayd etilishicha, Frankfurt-Mayndagi Federal kartografiya va geodeziya idorasi boshqa davlat idoralari va muhim infratuzilma operatorlarini kartografik ma’lumotlar bilan ta’minlaydi. Germaniya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, kiberhujumni amalga oshirish uchun tajovuzkorlar o‘zlarining izlarini yashirish maqsadida shaxslar va kompaniyalarning so‘nggi nuqtalaridan yashirincha foydalangan.
Ma’lumot uchun, Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Xitoy elchisini oxirgi marta 1989 yilda Pekindagi Tyananmen maydonidagi namoyishlarning o‘ta shafqatsizlarcha bostirilishi munosabati bilan chaqirgan edi.
Zebo Turobjonova
LiveBarchasi