Xitoy dunyoda birinchi bo‘lib Oyning narigi tomonidan Yerga tuproq olib keldi (foto)
Bu qiziq
−
25 iyun
32743Bugun, 25 iyun kuni Xitoyga tegishli “Chan’e-6” zondining qo‘nish va uchish moduli tuproq yig‘ish missiyasi doirasida Oyning narigi tomonida to‘plangan tuproq namunalarini Yerga olib qaytdi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
Parashyut orqali “Chan’e-6” tushirilgan tuproqli kapsula Xitoy shimoliga, Ichki Mo‘g‘uliston avtonom viloyatiga qo‘ngan. Shu bilan Xitoy Oyning uzoq tomonidan namunalar to‘plagan va Yerga olib kelgan birinchi davlatga aylandi.
Xitoy Fanlar akademiyasining Geologiya va geofizika instituti ilmiy xodimi Yang Vey “Chan’e-6” missiyasini “Oy tadqiqotlaridagi muhim bosqich” deb atadi. Olimning so‘zlariga ko‘ra, missiya Oy evolyutsiyasini to‘liqroq tushunishga yordam beradi.
“Chan’e-6” missiyasi 53 kun davom etdi. Fazo kemasi joriy yilning 3 may kuni Xitoy janubida joylashgan Xaynan orolidagi Venchan sun’iy yo‘ldoshini uchirish markazidan oyga uchirilgan. Taxminan bir oy o‘tib, 2 iyun kuni qurilma Oyning narigi qismida Janubiy qutb yaqinidagi Apollon krateriga qo‘ndi. Tuproq namunalarini yig‘ib, qurilma 4 iyun kuni Oy orbitasiga chiqdi. Qurilma u yerda 13 kun davomida Yerga qaytish imkoniyatini kutgan.
Ma’lumot uchun, 2020 yilning dekabr oyida Xitoyning “Chan’e-6” kosmik kemasi Oyning ko‘rinadigan tomonidan Yerga tuproq namunalarini yetkazib bergan. Xitoydan oldin faqat AQSH va SSSR Oy tuprog‘ini Yerga yetkazgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning “Chan’e-6” zondining qo‘nish va uchish moduli tuproq yig‘ish missiyasi doirasida Oyning narigi tomoniga muvaffaqiyatli qo‘ngani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi