Xitoy BRICS'ni G7 ga qarshi “qayradi”

Olam

image

Xitoy ertaga, 22 avgust kuni Yoxannesburgda boshlanadigan BRICS sammitida tashkilot a’zolarini G7 ning to‘laqonli, geosiyosiy raqibiga aylantirishga chaqiradi. Bu haqda “Financial Times” nashri xabar berdi.

"Agar biz BRICS'ni G7 kabi global yalpi ichki mahsulot ulushi uchun mas’ul bo‘ladigan qilib kengaytirsak, unda bizning dunyodagi umumiy ovozimiz kuchayadi", deydi o‘z nomini oshkor qilmaslikni ma’qul ko‘rgan Xitoy vakili nashrga.

Gazetaning eslatishicha, Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa 22-24 avgust kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan sammitga 60 dan ortiq davlat rahbarlari va hukumat boshliqlarini taklif qilgan. Janubiy Afrika rasmiylariga ko‘ra, 23 davlat BRICS'ga qo‘shilishdan manfaatdor ekanini bildirgan.

Ma’lumot uchun, 2006 yilda Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy BRIC guruhini tuzdi. Janubiy Afrika 2011 yilda unga qo‘shildi va uni BRICS'ga aylantirdi. Bu yil BRICS'ga Janubiy Afrika raislik qilmoqda.

Joriy yilning aprel oyida “Bloomberg” Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotlariga tayanib, 2020 yildan buyon BRICS davlatlari global iqtisodiy o‘sishga qo‘shgan hissasi bo‘yicha G7 davlatlaridan o‘zib ketgani haqida xabar bergan edi.

“Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil BRICS'ga a’zo davlatlar o‘sishning 32,1 foizini, G7 esa 29,9 foizni ta’minlaydi.

Agentlikning qayd etishicha, 2020 yil yakunida xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha ushbu har ikki davlatlar guruhining jahon yalpi ichki mahsulotidagi ulushi teng bo‘lgan va har biri 31 foizni tashkil etgan. Shu bilan birga, 2028 yil oxiriga kelib, BRICS ulushi 33,6 foizgacha o‘sadi, G7 uchun esa 27,8 foizgacha kamayishi prognoz qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy BRICS G7

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing