Xitoy AQSHni kiberhujumda aybladi 

Olam

image

Xitoy Davlat xavfsizlik vazirligi AQSHning Milliy xavfsizlik agentligini (NSA) mamlakatning Milliy vaqt xizmati markazi (NTSC)ga kiberhujum uyushtirganlikda aybladi. Bu haqda “Sinxua” xabar berdi.

Ushbu markaz Shansi provinsiyasining ma’muriy markazi sanalgan Sian shahrida, Li tog‘i cho‘qqisida joylashgan. Markaz “Pekin vaqti”ni belgilash bilan shug‘ullanadi. U aloqa, moliya, elektroenergetika, transport, geodeziya va kartografiya, milliy mudofaa, shuningdek, xalqaro vaqt mintaqalari vaqtini hisoblash uchun zarur bo‘lgan sinxronlashtirish xizmatlarini ko‘rsatadi. Shuningdek, NTSC yuqori aniqlikdagi yer usti vaqtni o‘lchash tizimi ishlab chiquvchisi hisoblanadi.

Nashrning ta’kidlashicha, infratuzilmaning kiberhujumlar oqibatida ishdan chiqishi “Pekin vaqti”ning xavfsiz va barqaror ishlashiga putur yetkazishi mumkin. Bu esa aloqa tarmoqlari faoliyatidagi uzilishlar, moliyaviy tizimdagi buzilishlar, elektr ta’minotidagi uzilishlar, transport falokati, kosmik apparatlarni uchirishdagi nosozliklar va hatto xalqaro vaqt tizimida tartibsizliklarga olib kelishi mumkinligi qayd etilgan.

Xitoy hukumati ma’lumotiga ko‘ra, AQSH tomonidan NTSC’ga uyushtirilgan kiberhujumlar rejalashtirilgan va tizimli tarzda amalga oshirilgan. 2022 yil 25 martdan boshlab, NSA xorijiy mobil telefon ishlab chiqaruvchisiga tegishli SMS-xizmatidagi zaiflikdan foydalanib, NTSC xodimlarining bir nechta mobil telefonlarini yashirincha nazoratga olgan va ularda saqlangan maxfiy ma’lumotlarni o‘g‘irlagan.

2023 yil 18 apreldan boshlab o‘g‘irlangan akkauntlar NTSC kompyuterlariga qayta-qayta kirish va xodimlar ustidan kuzatuv olib borish uchun ishlatilgan.

Xitoy Davlat xavfsizlik vazirligining ma’lum qilishicha, 2023 yil avgustidan 2024 yil iyunigacha AQSH Milliy xavfsizlik agentligi yangi kiberurush platformasini ishga tushirgan va Milliy vaqt xizmati markazining bir nechta ichki tarmoqlariga yuqori intensivlikdagi hujumlarni amalga oshirish uchun 42 ta maxsus kiberhujum vositasidan foydalangan. Bundan maqsad yuqori aniqlikdagi yerusti vaqt sinxronlashtirish tizimiga kirib borish va uni falaj qilish bo‘lgan.

Mutasaddilarning aytishicha, hujumlar ko‘pincha Pekin vaqti bilan tun yarmida yoki erta tongda boshlangan. Xakerlar hujum manbasini yashirish uchun AQSH, Yevropa va Osiyodagi VPN xizmatlaridan foydalangan, qalbaki raqamli sertifikatlar orqali antivirus himoyasidan o‘tgan hamda ishoralarni to‘liq yo‘q qilish uchun kuchli shifrlash algoritmlarini qo‘llagan.

NTSC’ga hujum oqibatlarini bartaraf etish, tekshiruv o‘tkazish va mumkin bo‘lgan tahdidlarning oldini olish bo‘yicha profilaktik choralarni ko‘rish topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq so‘nggi 12 oy ichida Germaniya iqtisodiyoti ma’lumotlar o‘g‘irlanishi, sanoat josusligi va sabotajlar oqibatida 289,2 milliard yevro zarar ko‘rgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Xitoy NSA NTSC

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing