Xitoy AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqarilishini qoraladi
Olam
−
17 may 2021
6841Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlarining olib chiqilishi mamlakatdagi vaziyatning normallashishiga hissa qo‘shmaydi, aksincha, mintaqadagi barqarorlikka salbiy ta’sir qiladi. Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I shunday fikrni ma’lum qilgan.
“Amerika qo‘shinlarining Afg‘onistondan shoshilinch ravishda olib chiqib ketilishi mamlakatda ichki yarashuv jarayoniga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi va mintaqaviy barqarorlikka ham salbiy ta’sir qildi”, degan diplomat pokistonlik hamkasbi Shoh Mahmud Qurayshiy bilan telefon orqali suhbatda.
Van Ining ta’kidlashicha, bunday sharoitda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti va Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar muammoga e’tiborini kuchaytirishi kerak.
U Pokiston tomonining Afg‘onistonda tinchlikka erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholagan.
“Hozirgi vaziyatda Xitoy va Pokiston strategik muvofiqlashtirishni davom ettirishi, Afg‘oniston tinchlik jarayoniga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi hamda mintaqada tinchlik va barqarorlikni birgalikda saqlab turishi kerak”, deya ta’kidlagan Van I.
Avvalroq, Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani AQSH qo‘shinlari chiqarilgandan so‘ng mamlakatda fuqarolar urushi boshlanishi mumkinligini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, may oyi boshida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvlarga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi.
14 aprel kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.
LiveBarchasi