Xitoy 2050 yilgacha “sun’iy quyosh”ni ishga tushirmoqchi

Texnologiya

image

Xitoy 2050 yilgacha termoyadro sintezi texnologiyasini joriy etib, toza energiya ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Termoyadro sintezi – bu yengil atom yadrolarining og‘irroq yadrolarga birikishi natijasida katta miqdorda energiya hosil bo‘lish jarayoni. Bu mexanizm Quyosh va boshqa yulduzlarning ishlash asosini tashkil etadi. An’anaviy yadroviy energetikadan farqli ravishda, termoyadro reaksiyasi radioaktiv chiqindilar hosil qilmaydi va deyarli tuganmas energiya manbai sifatida qaraladi.

Xitoyning “sun’iy quyosh” deb atalgan qurilmasi tokamak bo‘lib, u kuchli magnit maydonlari yordamida yuqori haroratdagi plazmani ushlab turadi va termoyadro reaksiyalarini davom ettirishga xizmat qiladi.

2023 yilda Xitoy milliy yadroviy korporatsiyasi (CNNC) China Fusion Corp. kompaniyasini tashkil qilib, bu texnologiyani rivojlantirish uchun 240 million dollar investitsiya jalb qilgan.

Bugungi kunda AQSH, Rossiya va Janubiy Koreya kabi faqat bir nechta davlatlar termoyadro sintezi sohasida sezilarli yutuqlarga erishgan. Biroq Xitoy ushbu yo‘nalishda ilmiy-texnik salohiyatini faol ravishda kengaytirib, yetakchi davlatlardan biriga aylanishni maqsad qilmoqda.

Termoyadro sintezi tadqiqotlaridan tashqari, Pekin kichik quvvatli reaktorlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va an’anaviy atom elektr stansiyalarini kengaytirishni ham rejalashtirgan. CNNC ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yildan beri har yili o‘rtacha 10 ta yangi reaktor qurilishi ma’qullanmoqda. 2030 yilga borib, Xitoy AQSH va Fransiyani ortda qoldirib, dunyodagi eng yirik yadroviy davlatga aylanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xitoylik olimlar yuqori aniqlikdagi ko‘chma atom soatini ishlab chiqqan edi. mazkur soatlar jangovar hududlarga olib borilishi va zamonaviy urush usullarini tubdan o‘zgartirishi kutilmoqda. Yuqori aniqlikdagi vaqtni o‘lchash tizimi radarlarning sinxron ishlashiga imkon beradi, ular esa ko‘rinmas samolyotlarni aniqlash va kuzatishda yordam beradi. Bunday soatlar, shuningdek, radioelektron kurash (REK) signallarining sifatini yaxshilashga va katta hajmdagi ma’lumotlarni uzatishni osonlashtirishga yordam beradi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy texnologiya sun'iy quyosh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing