Xitoy harbiy kuchlari yana Tayvanga kirdi
Olam
−
07 mart 2023
11114Bugun, 7 mart kuni Tayvan oroliga tutash hududda Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasining beshta samolyoti va to‘rtta kemasi qayd etildi. Bu haqda Tayvan mudofaa departamentining Twitter'da e’lon qilingan xabarida aytiladi.
Qayd etilishicha, samolyotlardan biri Tayvan havo mudofaasini aniqlash zonasiga kirgan. Bu Y-8 razvedka samolyoti bo‘lgan.
Ta’kidlash joizki, Tayvan bo‘g‘ozidagi keskinlik 2022 yil avgust oyida o‘sha paytdagi AQSH Kongressining Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Taypeyga tashrif buyurganidan so‘ng kuchaygan. Yuqori mavqeli AQSH rasmiysining Xitoy o‘z provinsiyasi deb hisoblovchi orolga tashrif buyurgani Pekinda haddan tashqari norozilikka sabab bo‘lgandi.
Ma’lumot uchun, Tayvan 1949 yilda Chan Kayshi boshchiligidagi “Gomindan” (partiya nomi) qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lub bo‘lib, orolga qochib ketganidan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan buyon Taypeyda kommunistlar hokimiyatga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlari saqlanib qolgan. Pekinning aksariyat davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan rasmiy pozitsiyasiga ko‘ra, Tayvan XXR viloyatlaridan biri sanaladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Tayvan hududiga Xitoyga tegishli 3 ta harbiy kema va 25 ta samolyot kirgani aytilgandi. Shundan so‘ng AQSH Davlat departamenti Tayvanga 619 million dollarlik F-16 rusumli qiruvchi samolyot va boshqa tizimlarni sotishga ruxsat bergandi.
LiveBarchasi