Xitoy ham Pokiston va Eron orasiga tushmoqchi
Olam
−
18 yanvar 2024
6462Xitoy Pokiston va Eron o‘rtasidagi ziddiyatni yumshatishda “konstruktiv rol” o‘ynashga tayyor. Bu haqda Karachi shahridagi Xitoy Xalq Respublikasining bosh konsuli Yang Yundunga asoslanib, “Geo” telekanali xabar berdi.
"Xitoy Pokiston va Eronga Islomobod va Tehron o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni hal qilishda konstruktiv rol o‘ynashni taklif qilmoqchi. Pokiston va Eron mintaqa va musulmon dunyosidagi eng yirik davlatlardir, shuning uchun Xitoy ular o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni muzokaralar va boshqa tinch yo‘l bilan hal qilish mumkinligiga umid qiladi", deydi diplomat.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Ning ham buni tasdiqladi. Uning aytishicha, Xitoy rasmiylari “agar ikkala tomon ham rozi bo‘lsa” Pokiston va Eron o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etishga yordamlashishga tayyor.
“Pekin ikkala respublika ham xotirjamlik va vazminlikni namoyon etib, keskinlashuvdan qochadi hamda o‘zaro kelishmovchiliklarni muloqot va maslahatlashuvlar orqali hal etishda davom etishiga umid qilmoqda”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, 16 yanvar kuni Eron qurolli kuchlari Pokistondagi “Jaysh az-Adl” terrorchilik guruhining ikkita qarorgohiga zarba bergandi. Operatsiya davomida dron va raketalardan foydalanildi. Pokiston Tashqi ishlar vazirligi zarbani qoralab, uni jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan havo hududining buzilishi deb atadi. Hujum oqibatida ikki bola halok bo‘lgan.
Bugun, 18 yanvar kuni Pokiston Eronning Siston va Balujiston viloyatining bir qancha hududlariga zarbalar berdi. Pokiston TIV ham zarbalardan ko‘zlangan maqsad “terrorchilarning boshpanalari”ni yo‘q qilish ekanini bildirdi. Hujum oqibatida 10 kishi halok bo‘ldi.
LiveBarchasi