Turkiya Pokiston va Eron o‘rtasida vositachilik qilishga tayyor
Olam
−
18 yanvar
4148Rasmiy Anqara Pokiston va Eron o‘rtasida vositachilik qilishni taklif qildi. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Unda Turkiya Tehron va Islomobod o‘rtasidagi keskinlikdan xavotirda ekani qayd etilgan.
“Biz bu muammoni BMT tamoyillari asosida, mamlakatlar hududiy yaxlitligi va suverenitetini hurmat qilish asosida hal etish muhim deb hisoblaymiz. Turkiya mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka ko‘proq tahdid solmasdan, masalani muloqot va hamkorlik asosida hal qilishni istaydi”, deyiladi bayonotda.
Rasmiy Anqara tomonlarni muloqotga chaqirib, Turkiya o‘z tajribasini baham ko‘rishga va o‘zaro kelishuv jarayoniga hissa qo‘shishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan eronlik mavqedoshi Husayn Amir Abdullohiyon va Pokiston Tashqi ishlar vaziri Jalil Abbos Jiloniy bilan telefon orqali muloqot qilgan.
Hoqon Fidan bugun Iordaniya Tashqi ishlar vaziri Ayman Safadi bilan Ummonda o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘zlagan nutqida Anqara 2 kundan beri tomonlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni xavotir bilan kuzatayotganini aytgan.
“Hamkasblarim menga urushdan manfaatdor emasliklarini aytishdi. Shunday deb umid qilaman va barqarorlik uchun o‘z hissamizni qo‘shishga tayyormiz”, degan vazir.
Eslatib o‘tamiz, bir necha kun avval Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Pokistonda joylashgan “Jaysh al-Adl” guruhiga hujum qilgan edi. 17 yanvar kuni Pokiston bunga javoban Tehrondan o‘z elchisini chaqirib oldi va Eronga hujum qildi. Natijada 9 kishi halok bo‘ldi. Pokiston qurolli kuchlari yuqori shay holatga keltirildi.
LiveBarchasi