Xelayfining FIFA prezidentligi uchun pozitsiyasi ma’lum bo‘ldi
Sport
−
01 avgust 2853 1 daqiqa
“Pari Sen-Jermen” klubi prezidenti Nosir Al-Xelayfi FIFA prezidentligi uchun o‘z nomzodini qo‘yish niyatida emasligini aytdi. Bu haqda qatarlik funksionerning vakili “L’Équipe” nashriga ma’lum qildi.
“Janob Al-Xelayfida FIFA prezidenti lavozimiga nisbatan mutlaqo hech qanday ambitsiya, niyat yoki qiziqish yo‘q. Ommaviy axborot vositalaridagi xabarlar ham buni o‘zgartirmaydi. Aksincha, u jahon va Yevropa futbolining barcha institutlarini oqilona va konstruktiv tarzda qo‘llab-quvvatlashda davom etadi”, deydi PSJ prezidentining vakili.
Avvalroq, “Politico” nashri Yevropa futboli rasmiylari Al-Xelayfining FIFA prezidentligi uchun nomzodini ilgari surish imkoniyatini muhokama qilayotgani haqida xabar bergan edi.
Ma’lumot uchun, FIFA’ning amaldagi prezidenti Janni Infantino avvalroq 2027 yil mart oyida bo‘lib o‘tadigan saylovda yana o‘z nomzodini qo‘yish niyati borligini bildirgan. U 2016 yildan buyon FIFA prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda.
Nosir Al-Xelayfi esa 2011 yildan beri “Pari Sen-Jermen” jamoasi prezidenti hisoblanadi. Shuningdek, u klub egasi bo‘lgan Qatar Sports Investments (QSI) tashkilotini boshqaradi. 2021 yilda Al-Xelayfi Yevropa klublari assotsiatsiyasi raisi etib saylangan.
Live
Barchasi