Xayrlashgani kelgan Merkel Erdo‘g‘an bilan bahslashib qoldi
Olam
−
16 Oktabr 2021
15637Bugun, 16 oktyabr kuni Angela Merkel Germaniya kansleri sifatida so‘nggi bor Turkiyaga tashrif buyurdi. Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Merkel Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan koalitsion hukumatning kamchiliklari borasida tortishib qoldi.
Yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan ikki tomonlama muzokaralardan so‘ng, tashkil etilgan matbuot anjumanida davlat rahbarlarining boshqaruv tizimi borasida turli qarashda ekani ma’lum bo‘ldi. Biroq, hammasi diplomatik yondashuv va tabassum bilan yakunlangan.
“Merkel bilan Turkiya-Germaniya munosabatlarida muvaffaqiyatli davr bo‘lgan. Lekin, koalitsion hukumat bilan ishlash har doim qiyin. Koalitsion hukumat davrida Turkiyada muammolar ko‘p edi, lekin prezidentlik tizimiga o‘tish bilan biz ulardan qutuldik va intensiv ishlashni boshladik”, deydi Erdo‘g‘an.
O‘z navbatida, Merkel koalitsion hukumat Germaniya uchun mos ekanligini va mamlakat prezidentlik tizimiga o‘tmoqchi emasligini aytgan.
Shuningdek, uchrashuvda ikki tomon Afg‘oniston inqirozini ham muhokama qilgan. Yakunda Germaniya ham, Turkiya ham “Tolibon” bilan aloqalarni davom ettirish kerakligini ma’qullagan.
“Biz, albatta, Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildik. Afg‘oniston aholisining kontrabandachilar qurboniga aylanishining oldini olish uchun biz gumanitar yordam ko‘rsatilishini ta’minlashimiz kerak. “Tolibon” bilan muzokaralar borasida fikr almashdik va buni Afg‘oniston bo‘yicha vakillarimiz orqali birgalikda davom ettirishimiz mumkin”, deydi Merkel.
Ma’lumot uchun, mamlakatda hokimiyatni egallagan toliblar, 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligini tuzdi. Joriy yilning 6 sentyabr kuni “Tolibon”ga bo‘ysunmay turgan yagona viloyat – Panjsher egallangach, 7 sentyabr kuni harakat rahbarlari muvaqqat hukumatni shakllantirdi.
Qayd etish kerakki, toliblar Afg‘onistonda hokimiyatga kelgach, chet davlatlar hamda xalqaro tashkilotlardan kelayotgan yordam to‘xtab qoldi. Bundan tashqari, minglar afg‘onlar vatanini tark etdi va bu jarayon hali ham davom etmoqda. Toliblarni Afg‘onistonda tarafdorlari ko‘pligiga shubha yo‘q, biroq ular hokimiyatga kelgach ko‘plab qiyinchiliklarga uchramoqda. Ayniqsa, moliyaviy tomondan yo‘qotishlar katta.
Shunday bir davrdan jahon hamjamiyati Afg‘onistonni bee’tibor qoldirmoqchi emas. Bunday xatoga dunyo yetakchilari avval yo‘l qo‘ygan. Buning oqibatlari ayniqsa AQSHning esidan chiqmaydi. Afg‘oniston terrorchi guruhlar uyasiga aylanmasligi uchun jahon yetakchilari “Tolibon” bilan ishlamoqchi, hatto ushbu harakat BMT tomonidan terrorchilik tashkiloti, deb tan olingan bo‘lsa ham.
LiveBarchasi