Xayriya qilgan tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar qanday ishlaydi? DSQ tushuntirib berdi
Jamiyat
−
29 aprel 2020
4892O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yilning 27 aprel kuni “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.
Farmonga ko‘ra, 2020 yil 1 apreldan 2020 yil 1 oktyabrga qadar “Mahalla” xayriya jamoat fondiga, “Saxovat va ko‘mak” fondiga, “O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan shakllantiriladigan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtojlar ro‘yxatiga kiritilgan jismoniy shaxslarga beg‘araz beriladigan pul mablag‘lari va tovarlar (xizmatlar):
• foyda solig‘ini hisoblashda chegiriladigan xarajatlar sifatida qaraladi (15 foiz);
• QQSdan ozod etiladi (15 foiz);
• aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha soliq solish ob’ektiga kiritilmaydi (4 foiz).
Davlat soliq qo‘mitasi farmonda belgilangan tartib amalyotda qanday ishlashini tushuntirib berdi.
1-misol. Korxona tomonidan Farmonda ko‘rsatilgan hayriya jamg‘armalari yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining ro‘yxatiga kiritilgan jismoniy shaxslarga 100,0 mln. so‘mlik mablag‘ o‘tkazildi yoki oziq-ovqat mahsulotlari berildi.
Bunda, korxona foyda solig‘ini hisoblab chiqarishda xarajatlarini 100 so‘mga oshiradi. Natijada, korxona tomonidan to‘lanadigan foyda solig‘i (100x15 foiz) 15 mln. so‘mga kamayadi.
2-misol. Korxona tomonidan ishlab chiqarilgan 500 mln. so‘mlik un mahsulotlari “Saxovat va ko‘mak” fondiga beg‘araz berildi. Ushbu fondga berilgan mahsulotlarga qo‘shilgan qiymat solig‘i solinmaydi. Natijada, korxona QQS bo‘yicha (500x15 foiz) 75 mln. so‘m imtiyozga ega bo‘ladi.
3-misol. Korxona tomonidan ishlab chiqarilgan 30 mln. so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari “Mahalla” xayriya jamoat fondiga beg‘araz berildi. Ushbu fondga yo‘naltirilgan 30 mln. so‘mlik mahsulotlarga aylanmadan olinadigan soliq solinmaydi. Natijada, korxona aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashda (30x4 foiz) 1,2 mln. so‘m imtiyozga ega bo‘ladi.
Tadbirkorlar uchun yengillik
Prezidentimizning PF-5978-sonli farmoni bilan pandemiya faoliyatiga salbiy ta’sir qilgan mikrofirma, kichik korxona va yakka tartibdagi tadbirkorlarga 2020 yil 1 oktyabrgacha ayrim soliqlarni foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) huquqi taqdim etilgan edi.
Yangi Farmon bilan foizsiz kechiktirishni (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) taqdim etish muddati 2020 yil 31 dekabrgacha uzaytirildi.
Bunda mahalliy davlat hokimiyati organlari kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) berilgan va kelgusida to‘lanadigan soliq summalarini to‘lash bo‘yicha muddatni mustaqil ravishda belgilashga haqli, biroq muddat ikki yildan oshmasligi lozim.
Bundan tashqari, lizing korxonalari tomonidan hisoblangan va kechiktirilgan lizing bo‘yicha foiz daromadlari summasi, foyda solig‘ini hisoblashda kechiktirish berilgan davrdagi jami daromad tarkibiga kiritilmaydi.
Agar lizing kompaniyasi kimgadir 1 oktyabrgacha lizing bo‘yicha to‘lovlarni kechiktirish imkonini bergan bo‘lsa, u holda ushbu kechiktirish davrida lizing kompaniyasidan foizlar bo‘yicha foyda solig‘i olinmaydi.
Jismoniy shaxslar uchun imtiyozlar
Farmonga ko‘ra jismoniy shaxslarning O‘zbekiston "Mahalla" xayriya jamoat fondi, "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi, "O‘zbekiston Mehr-shavqat va salomatlik" jamoat fondi, yuridik va jismoniy shaxslardan beg‘araz yordam sifatida olgan daromadlari, agar ular mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan shakllantiriladigan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan jismoniy shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘sa, jismoniy shaxslarning daromadi sifatida qaralmaydi.
4-misol. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining ro‘yxatiga kiritilgan, ijtimoiy ximoyaga muhtoj fuqaroga "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasidan moddiy yordam sifatida 1 million so‘m mablag‘ yoki oziq-ovqat berilgan.
Fuqarolarning moddiy yordam tarzida olgan daromadlariga daromad solig‘i xisoblanmasligi sababli, ushbu 1 million so‘m daromaddan fuqarolar (1,0x12 foiz) 120 ming so‘m miqdorida imtiyozga ega bo‘ladilar.
Farmon bilan 2020 yilda xodimga to‘lanadigan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga tortilmaydigan moddiy yordam summasi mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 4,22 baravaridan 7,5-baravarigacha oshirildi.
5-misol. Korxona ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan xodimlariga pandemiya sababli, 2,2 mln. so‘mdan moddiy yordam berdi. Bunda, har bir xodimning moddiy yordam summasi bo‘yicha soliqqa tortilmaydigan daromadlari 2,2 mln. so‘mga ko‘payadi va daromad solig‘idan (2,2x12 foiz) 267 ming. so‘m imtiyozga ega bo‘ladi.
Jismoniy shaxslarga turar joylarni jismoniy shaxslarga va noturar joylarini koronavirus pandemiyasi davrida faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlarga ижарага berishdan olgan daromadlari bo‘yicha daromad solig‘ini foizsiz kechiktirib to‘lash huquqi berildi.
Bunda, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha to‘lanishi kechiktirilgan summa 2021 yil 1 aprelga qadar teng ulushlarda to‘lanishi lozim.
LiveBarchasi