Xavfsizlik kafolatlarini ishlab chiquvchi guruhga Rubio bosh bo‘ladi – OAV

Olam

image

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini ishlab chiqish bo‘yicha maxsus guruhga rahbarlik qiladi. Bu haqda “The Wall Street Journal” o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, maxsus guruh tarkibiga AQSH Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari, NATO vakillari ham qo‘shiladi. Muhokamalarni muvofiqlashtirishda AQSH asosiy rolni bajaradi.

Nashr manbalariga ko‘ra, xavfsizlik kafolatlari Ukrainada harbiy mavjudlikni ta’minlash, havo mudofaasini kuchaytirish, qurol-yarog‘ yetkazib berish va “o‘t ochishni nazorat qilish” kabi choralardan iborat bo‘ladi.

Manbalarning qo‘shimcha qilishicha, AQSH bir necha yo‘llar orqali Yevropaning “tinchlikparvar kuchlari”ga bilvosita harbiy yordam ko‘rsatishi mumkin.

“Bloomberg”ning yozishicha, xavfsizlik kafolatlari doirasida ittifoqchilar Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirib, uning armiyasi soniga hech qanday cheklov qo‘yilmasligini rejalashtirmoqda. 

Agentlikka ko‘ra, kafolatlar paketi “ko‘ngillilar koalitsiyasi” asosida shakllanadi. Bu koalitsiyada Yevropaning bir qator davlatlari, jumladan Fransiya va Buyuk Britaniya yetakchilik qiladi. Ularning taklifiga ko‘ra, jangovar harakatlar tugaganidan keyin Ukrainaga “siyosiy va harbiy to‘sqinlik kuchlari” yuborilishi ham mumkin.

Ma’lumot uchun, kecha, 18 avgust kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina Prezidenti va Yevropa yetakchilari bilan uchrashuvdan so‘ng, Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning shaxsiy uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Yevropa mamlakatlari Ukrainaga “tinchlikparvar kuchlar” va quruqlikdagi operatsiyalar orqali yordam berishi kerakligini aytgandi. Makronga ko‘ra, tinchlikni ta’minlash uchun kuchli Ukraina armiyasi zarur bo‘ladi va Ukrainaga quruqlikdagi operatsiyalar bilan yordam ko‘rsatish shart. U, shuningdek, Ukrainaga ittifoqchilari tomonidan taqdim etilishi mumkin bo‘lgan tinchlikparvarlik missiyalariga ehtiyoj tug‘ilishini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh NATO Marko Rubio

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing