Xarkovni olish niyatim yo‘q – Putin
Olam
−
17 may
12092Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakati Xarkovni olish niyatida emasligini aytdi. Bu haqda davlat rahbari Xitoyning Xarbin shahrida jurnalistlar bilan suhbatda so‘z ochdi.
“Bu ham ularning aybi (Ukraina hukumati), chunki ular o‘t ochishdi va afsuski, chegara hududlaridagi turar-joylarni, shu jumladan Belgorodni o‘qqa tutishda davom etmoqda. U yerda tinch aholi o‘lmoqda. Agar shunday davom etsa, biz xavfsizlik va sanitariya zonasini yaratishga majbur bo‘lamiz, deb aytgandim. Biz shunday qilyapmiz”, deya tushuntirgan Vladimir Putin.
Uning aytishicha, bu Rossiya hududlarini o‘qqa tutishga javoban bufer zona yaratishga urinishdir.
Shuningdek, Prezident Rossiya qo‘shinlari Xarkov yo‘nalishida qat’iy reja bo‘yicha harakatlanayotganini ta’kidlagan. Ammo Rossiya Xarkovni olish niyatida emasligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 10 may kuni Rossiya harbiylarining Xarkov viloyati chegarasiga hujumi boshlangandi. Prezident Vladimir Zelenskiy G‘arbdagi hamkorlarini Ukraina himoyachilariga va’da qilingan qurollarni o‘z vaqtida yetkazib berishda qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga chaqirdi. AQSH Prezidenti Jo Bayden esa Kiyevga 400 million dollargacha harbiy yordam ajratish haqidagi farmonni imzoladi. Shuningdek, AQSH Davlat departamenti Ukrainaga uchta HIMARS qurilmasini zudlik bilan sotishga ruxsat berdi. Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi esa Ukrainaga urush boshlanganidan beri eng katta harbiy yordam paketini taqdim etishini e’lon qildi.
Yordamning navbatdagi partiyasi to‘rt million o‘q-dori, 1600 dan ortiq zarba beruvchi va zenit-raketalar, shuningdek, 400 ta texnika, jumladan, 162 ta zirhli texnika va 78 ta yerusti texnikasidan iborat bo‘ladi. Zelenskiy esa 14 may kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashuvda Xarkov va mintaqani himoya qilish uchun havo hujumidan mudofaa tizimlari, xususan Patriot zarurligini aytdi.
Amerikaning “Politico” nashri Rossiya qo‘shinlarining Xarkov viloyatidagi hujumi urush natijasi uchun burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin bo‘lgan hal qiluvchi jangning boshlanishi ekanini yozdi.
LiveBarchasi