Xanchjou-2022. Bugun o‘zbekistonlik eshkakchilar 4 ta oltin uchun bahs olib boradi
Sport
−
30 Sentabr 2023
2818Bugun, 30 sentyabr kuni o‘zbekistonlik sportchilar Xanchjouda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarining navbatdagi kunini g‘alaba bilan boshladi. Xususan, kanoe va baydarkada eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston vakillari 4 ta final yo‘llanmasini naqd qildi.
Dastlab Vladlen Denisov kanoeda eshkak eshish bo‘yicha saralashdan muvaffaqiyatli o‘tib oldi. O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi 1000 metrga eshkak eshish bo‘yicha kechgan bahsda 4:43.784 daqiqa natija bilan final masalasini ijobiy hal qildi.
Ikkinchi bo‘lib esa Yekaterina Shubina hamda Arina Tanatmisheva juftligi baydarkachi qizlar o‘rtasida 500 metrga kechgan saralash bahslarida qoniqarli natija qayd etdi. Xitoylik juftlik bilan raqobat olib borgan O‘zbekiston vakillari kichik farq bilan mezbonlarga imkoniyatni boy berib, ikkinchi o‘rinda marra chizig‘ini kesib o‘tdi. Musobaqa reglamentiga ko‘ra, bu natija final uchun yetarli.
Shuningdek, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Artur Guliyev va Kamron Ahtamovdan iborat kanoeda eshkak eshish bo‘yicha juftlik ham 500 metrga kechgan saralash dasturida muvaffaqiyatli qatnashdi. Ular 1:48.098 daqiqada o‘z guruhi ichida birinchi bo‘lib finishga keldi va finalga chiqdi.
Baydarka dasturida 500 metrga eshkak eshish bo‘yicha Denis Onufriyev hamda Ozodjon Amriddinov juftligi saralashda 1:38.285 daqiqada uchinchi bo‘lib marraga yetib keldi va finalchilar qatoridan joy oldi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston delegatsiyasi jami 32 medal (7 ta oltin, 10 ta kumush, 15 ta bronza) jamg‘argan holda umumiy reytingning 6-pog‘onasini band etib turibdi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr