Xalqni rozi qilish judayam qiyin – Energetika vaziri shikoyatlarga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
25 noyabr 2020
12872Ayni kunlarda respublika hududlarida gaz va elektr energiyasidagi uzilishlar, ayniqsa, chekka qishloqlarga sutkalab gaz va elektr energiyasi yetib bormayotgani haqida ko‘plab shikoyatlar bo‘lmoqda.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimida faoliyatini boshlagan ilk davrlardanoq davlat xizmatchilari, hokimlar va rahbarlarning asosiy vazifasi xalqni rozi qilish ekanini aytib keladi. Davlat rahbari kecha, 25 noyabr kuni tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham bugun xalqni rozi qiladigan rahbarlar kerakligini alohida urg‘uladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bu haqda ilk bor 2016 yil – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati a’zolariga yo‘llagan murojaatnomasida gapirib, “Xalq davlat idoralari uchun emas, aksincha, davlat idoralari xalq uchun ishlashi kerak”, degan edi.
Xo‘sh, ayni kuz-qish mavsumi, gaz va elektr energiyasidan uzilishlar bo‘yicha arz va shikoyatlar kun tartibiga chiqqan bugungi kunlarda xalq bunga mas’ul tashkilotlardan rozimi? QALAMPIR.UZ kecha Telegram kanalidagi foydalanuvchilarga “Siz Energetika vazirligi, "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ, “Hudud gaz ta’minot” AJdan rozimiz? Ular xalqni rozi qildimi?”, degan savol bilan yuzlandi. So‘rovnomada 9 mingdan ortiq foydalanuvchi ishtirok etdi. Ularning 1,1 ming nafari yuqorida nomlari keltirilgan tashkilotlar faoliyatidan roziligini bildirgan bo‘lsa, qolgan 8 mingdan ziyod foydalanuvchi noroziligini bayon qildi.
Ayni daqiqalarda esa Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Energetika vaziri Alisher Sultonov, vazir o‘rinbosarlari Sherzod Xo‘jayev, Behzod Normatov, “Hudud gaz ta’minot” AJ boshqaruv raisi Bahodir Eshmurodov, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisi Ulug‘bek Mustafoyev ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda. Unda ishtirok etayotgan QALAMPIR.UZ muxbiri Umidjon Nozimjonov mutasaddilarga yuzlanib, QALAMPIR.UZ Telegram kanalida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalarini ma’lum qildi va “Sizningcha, yuqorida nomlari keltirilgan tashkilotlar xalqni rozi qila olyaptimi?”, degan savol bilan vazir Alisher Sultonovga yuzlandi.
“Men o‘ylaymanki, 9 ming kishi – bu auditoriya va ularning [fikrlarini] ham inobatga olish kerak. Prezidentimiz bizga doim har bir rahbarning asosiy vazifasi xalqni rozi qilish ekanini aytadilar.
Xalqni rozi qilish juda qiyin, albatta. Hozir aytolmayman. Biz rozi qildikmi, rozi qilmadikmi, vaqt ko‘rsatadi. Xalqni rozi qilishga, men sizni ishontirib aytaman, shu yerda o‘tirgan har bir mutaxassis o‘zining hayotini shunga bag‘ishlagan, faqat xalqni rozi qilishga. Yana bir marta aytaman: albatta, hammani rozi qilish judayam qiyin. Qaysi davlatda bunday [natija] borligini men bilmayman. Qiyin masala. Judayam qiyin masalani ko‘tardingiz.
Bir narsani yana takror aytaman: shu sohada ishlab turgan hamma mutaxassislar qayerdadir nimadir uzilish bo‘lsa, biz ham buni yuragimizdan qabul qilamiz. Ishoninglar shunga! Befarq bo‘lib, tomosha qilib o‘tirmaymiz. Shuning uchun ham bizda kechayu kunduz navbatchiliklar tashkil qilingan. Shu yerda o‘tirgan rahbarlarning hech biri bu yerdan chiqqandan keyin ham uyiga ketmaydi. Hamma joyida [bo‘ladi]. Chunki, bizning vazifamiz – xalqni rozi qilish. Biz joyimizda bo‘lishimiz kerak. Shu tizimni ishlatishimiz kerak. Bilmadim...”, deydi Alisher Sultonov.
Jurnalist tomonidan berilgan savolga vazir o‘rinbosari Behzod Normatov ham javob qaytardi.
“Hozir hurmatli vazirimiz aytib o‘tganlaridek, har birimizning vazifamiz – xalqni rozi qilish. Xalqni rozi qilib, qo‘limizdan kelgan narsalarni qilib, har bitta “post” bo‘ladimi, har bitta xabar chiqadimi, “negativ” chaqadigan bo‘lsa, baholi qudrat unga “reaksiya” qilib, joyiga chiqib o‘rganib, o‘zimizning imkoniyatimiz bo‘lmay, boshqa joyda bo‘lib qolsak, yana chiqsa, xodimlarimiz bor, hammasi rayonma rayon, tumanma tuman o‘tirib, xalqning roziligini...
Birinchi navbatda bizning vazifamiz, vazirlikda aholini rozi qilish. Ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan joylarni elektr energiyasi, gaz bilan ta’minlab berish, sovuq kunlarda, ayniqsa, shunday paytda bilinadi. Bu narsalarni faqat og‘ir kunlarda emas, aytib o‘tdilar, vaqti kelganda ko‘rinadi, dedilar. Kelajakda natija beradigan ishlarga ham ko‘p qo‘l urganmiz. “Remorma”lar ustida ish olib borilyapti. Bozorlarni yaxshilash, energetika bozorini yaxshilash bo‘yicha ish olib borilyapti, moderenizatsiya qilinyapti. Moderenizatsiyalarning natijasini tez orada ko‘rishimiz mumkin. Hozirgi qilgan ishlarimizning mahsulini ko‘rgandan keyin xalq baho beradi, deb o‘ylayman”, deydi vazir o‘rinbosari Behzod Normatov.
LiveBarchasi