Xalqqa “zambarakning o‘qi”. Samarqandda ham ko‘mir o‘g‘irlandi
3-sahifa
−
15 noyabr 2023
6789“Ko‘mir ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyatining Samarqand viloyat filiali tasarrufidagi hududiy ko‘mir omborlarida aholiga imtiyozli narxda tarqatishga mo‘ljallangan ko‘mir talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, “Ko‘mir ta’minot” MCHJ Samarqand viloyat filiali tasarrufidagi “Maroqand” ko‘mir ombori mudiri A.B. kuz-qish mavsumida aholiga imtiyozli narxda tarqatishga mo‘ljallangan 368,1 million so‘mlik 1225,6 tonna ko‘mirni talon-toroj qilgan.
A.B. bunda mahsulotlarni go‘yoki fuqarolar olgani to‘g‘risida soxta ma’lumotlar tayyorlab, ularni naqd pulga sotib yuborgan. Mablag‘larni esa o‘z shaxsiy manfaatlari yo‘lida sarflagan.
MCHJning Samarqand viloyat filiali tasarrufidagi “Ziyovuddin” ko‘mir omborida sodir etilgan holatda esa mazkur ombor mudiri F.S. 549,5 million so‘mlik 915,9 tonna ko‘mir mahsulotlarini talon-toroj qilgani aniqlangan.
Ushbu holatlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ko‘mir ombori mudirlari protsessual tartibda ushlangan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
“Mazkur yo‘nalishda nazorat tadbirlari davom etmoqda”, deya qo‘shimcha qilinadi Bosh prokuratura xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatining Andijon tumanida 362,3 million so‘mlik, Buloqboshi tumanida 178,3 million so‘mlik, Jalaquduq tumanida 421,7 million so‘mlik, Izboskan tumanida 1007,9 tonna, Paxtaobod tumanida esa 873,2 tonna ko‘mir talon-toroj qilingani haqida xabar berilgan edi.
Shuningdek, Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida 623,7 tonna, Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida 413,8 million so‘mlik 1 tonna 364,3 kilogramm, Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida esa 464,6 tonna ko‘mir o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingandi.
LiveBarchasi