Xalqi ocharchilikka yuz tutgan Kim Chen In 2021 yilga purviqor nom berdi
Olam
−
03 yanvar 2022
11961Koreya Xalq Demokratik Respublikasi yetakchisi Kim Chen In 2021 yilni “g‘ururli g‘alabalar yili” deb atadi va ushbu yildagi bir qator iqtisodiy yutuqlarni qayd etdi. U bu haqda Koreyaning hukmron Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasi yalpi majlisining yakuniy kunida e’lon qildi, deb yozgan “Nodon sinmun” gazetasi.
“Kim Chen In g‘urur bilan 2021 yilni milliy farovonlik tarixida nishonlanishi lozim bo‘lgan g‘ururli g‘alabalar yili deb atadi va milliy tiklanishning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqdi”, deyiladi xabarda.
O‘z navbatida, Koreya Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasi pandemiya va chegaralarni yopishni nazarda tutuvchi amaldagi chora-tadbirlarni hisobga olgan holda ekstremal sharoitlarda iqtisodiyotni barqarorlashtirish usullarini faol izlash va joriy etishni ta’kidlagan. Hujjatda bu mamlakatning mustaqil iqtisodiy rivojlanishi uchun foydali ekani qayd etilgan.
Shu bilan birga, yig‘ilishda Koreya yarimoroli hududida o‘sib borayotgan beqarorlik haqida ham bayonotlar berilgan.
“Xalqaro vaziyatning tobora beqaror bo‘lib borayotgani va Koreya yarimoroli atrofidagi vaziyat milliy mudofaa salohiyatini kuchaytirishni hech qanday kechiktirishsiz, yanada shiddat bilan amalga oshirishni talab qilmoqda”, deyilgan yig‘ilishda.
Ta’kidlanishicha, qurultoy yig‘ilishida raketa-yadro dasturini rivojlantirish, shuningdek, AQSH bilan munosabatlarga oid hech qanday bayonot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Koreya Xalq Demokratik Respublikasi yetakchisi Kim Chen In o‘tgan yilning iyun oyida mamlakatda oziq-ovqat yetishmovchiligi boshlanishi mumkinligi haqida e’lon qilgandi. Kim Chen In Shimoliy Koreya partiyasi va xalqini yangi “qiyin yurish”ga tayyor bo‘lishga chaqirgandi. KXDR tarixidagi ushbu atama XX asrning 90-yillari, mamlakat ommaviy ocharchilik tufayli og‘irlashgan iqtisodiy inqirozni boshdan kechirayotgan davrni nazarda tutadi.
2021 yil avgust oyida esa Koreya Xalq Demokratik Respublikasi mamlakat aholisi o‘rtasida yangi katta ocharchilikning oldini olish uchun armiya zaxiralaridan oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatishni tashkil qilgandi.
LiveBarchasi