Xalq bilan muloqotda Turkiya O‘zbekiston tajribasini olganmi?

Olam

image

Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari jadal tezlikda rivojlanib boryapti. Ayni shu sababdan davlatlarning xalqaro maydonda o‘zi haqida chiqayotgan yangiliklarni monitoring qilib borishi tobora muhim ahamiyat kasb etyapti.

“Oltin qalam” XIV milliy mukofoti doirasida Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan tavsiya etilgan “Turkiya tashqi siyosati haqidagi eng yaxshi material uchun” nominatsiyasi sovrindori bo‘lgan QALAMPIR.UZ muxbiri Sunnatilla Abdullayev bir guruh o‘zbekistonlik jurnalistlar bilan birga Turkiyaning Anqara shahrida bo‘ldi.

O‘zbekistonlik jurnalistlar OAV kuzatuvi bo‘yicha Turkiya tajribasi bilan tanishdi. Turkiyada OAV bilan bog‘liq munosabatlarga Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Kommunikatsiya boshqarmasi javobgar hisoblanadi.

Turkiya Prezidenti huzuridagi Kommunikatsiya boshqarmasida mehmon bo‘lgan o‘zbekistonlik jurnalistlar tashkilotdagi Xabarlar monitoringi markazida ham bo‘ldi. Markazda “Mavzu Turkiya bo‘lsa, mutlaqo xabarimiz bor” shiorining isbotini ko‘rdik. Mazkur shior ostida Xabarlar monitoringi markazida xalqaro maydonda Turkiya nomi ishlatilgan har qanday yangilik, maqola ularning e’tiboridan chetda qolmaydi.

Xabarlar monitoringi markazi har kuni dunyo bo‘ylab 35 tilda chiqayotgan minglab media mahsulotlarni kuzatadi, ularni turk tiliga tarjima qilib, tegishli davlat idoralariga yetkazadi.

Dunyoning 35 tilida chiqayotgan axborotni monitoring qilish ancha katta hajmli ish. Negaki, ingliz, ispan, portugal, rus tillari faqatgina tegishli bo‘lgan mamlakatda emas, balki boshqa ko‘plab mamlakatlarda ham foydalaniladi. Xabar markazida 120 ga yaqin xodim 24 soat davomida 3 navbatda ishlaydi.

Bundan tashqari 6 kishidan iborat alohida guruh mamlakat haqidagi turk tilidagi yangiliklarni boshqa tillarga tarjima qilish bilan shug‘ullanadi. Bu dunyo mamlakatlarini Turkiya siyosati bilan tanishtirishda muhim ahamiyatga ega.

Markazda O‘zbekistonda Turkiya haqida chiqayotgan xabarlarning ham kuzatib borilishiga guvoh bo‘ldik.

Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Kommunikatsiya boshqarmasi xalq bilan muloqot sohasida ham faoliyat olib boradi. Boshqarma O‘zbekistondagi Prezident qabulxonalari, Bosh vazir qabulxonalari va “Mening fikrim” jamoatchilik portaliga o‘xshash loyihalarni yo‘lga qo‘ygan.

Shu loyihalardan biri Prezident huzuridagi Aloqa markazi (CİMER – Cumhurbaşkanlığı İletişim Merkezi) bo‘lib, har bir fuqaro markazga o‘z muammo va talabi bilan murojaat qilishi mumkin. Kommunikatsiya boshqarmasi CİMER orqali yig‘ilgan murojaatlarni jamlab, tegishli idoralarga yetkazadi va chora ko‘rilishini nazorat qiladi.

Markaz 2018 yilda tashkil etilgan va bir yil davomida turli tashkilotlar bilan bog‘liq 3 mln 11 ming 90 ta murojaat tushgan. Markaz har bir murojaatga 14 kun ichida javob qaytaradi. Bu muddat avval 21 kun bo‘lgan.

E’tiborlisi O‘zbekistonda Prezident qabulxonalari 2016 yilda ish boshlagan. 2019 yildan Prezident qabulxonalari yangicha tizimda ishlay boshladi. Turkiyada bu tajriba 2018 yildan qo‘llanila boshlandi.

Xalq bilan muloqot bo‘yicha “O‘lkam uchun bir fikrim bor” loyihasi ham amaliyotga joriy qilingan. Fuqarolar shu loyiha orqali o‘z g‘oya va takliflarini bildiradi. Kommunikatsiya boshqarmasi takliflarni tegishli idoralarga yetkazib, ularni amalga oshirishi imkoniyatlarini tashkilotlar bilan birgalikda ko‘rib chiqadi.

Bu loyiha shu yil ishga tushirilgan va hozirgacha 40 mingga yaqin taklif olingan.

Har ikki loyiha ham o‘z yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro mukofot g‘olibi bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya OAV monitoring

Baholaganlar

33

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing