Xalq artisti Malika Ahmedovaning 680 ming dollarlik mulki o‘g‘irlangani bo‘yicha 4 kishi sudlanmoqda
3-sahifa
−
30 iyul 2023
47080Avvalroq O‘zbekiston xalq artisti Malika Ahmedova o‘zining 600 ming dollarlik mol-mulki o‘g‘irlangani, ammo holat yuzasidan o‘tkazilayotgan tergov harakatlaridan norozi ekanini bildirib, videomurojaatini e’lon qilgandi. Hozirda ushbu holat yuzasidan 4 nafar shaxs sudlanayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov QALAMPIR.UZ'ga xabar berdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining ish yurituviga joriy yilning 7 iyul kuni fuqaro R.S. va I.F.ni Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan hamda N.M. va X.O.ni shu kodeksning 171-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblash haqida jinoyat ishi kelib tushgan. Mazkur jinoyat ishini sud majlisida ko‘rish 21 iyulga tayinlangan.
Sudlanuvchi R.S., I.F., N.M. va X.O.larga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Ish hujjatlariga ko‘ra, R.S. tanish bo‘lgan I.F. va tergov davrida shaxsini aniqlashning imkoniyati bo‘lmagan noma’lum shaxslar bilan birga oldindan jinoiy til biriktirib, o‘zganing mulkini yashirin ravishda qo‘lga kiritishni o‘ylab, jinoiy reja tuzgan. Ular Toshkent shahrining markaziy tumanlarida joylashgan uylarni kuzatgan. Gumonlanuvchilar moddiy qiymatga ega bo‘lgan narsa va buyumlarni talon-toroj qilish uchun 2022 yilning 28 dekabr kuni mast holatda Mirzo Ulug‘bek tuman, Bo‘zbozor ko‘chasida joylashgan fuqaro X.Ahmedovaga (aktrisaning qizi) tegishli 52-uyga g‘ayriqonuniy ravishda kirgan.
Shundan so‘ng, ular xonadonda saqlanib kelinayotgan jami qiymati 681 895 AQSH (taxminan 7,8 milliard so‘m) dollarlik buyumlarni jinoyat sodir etgan joydan yashirinib, qo‘lga kiritgan. Qimmatbaho taqinchoqlarni unga avvaldan tanish bo‘lgan fuqaro N.M.ga barcha narsalar o‘ziga tegishliligini aytib, 250 ming dollar evaziga sotib yuborgan. Keyinchalik pul mablag‘laridan ming AQSH dollarini tanishi I.F.ga qarz tariqasida berib, qolgan barcha pul mablag‘larini shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Hozirgi vaqtda mazkur jinoyat ishi sud tergovi bosqichida bo‘lib, 2023 yil 1 avgustga qadar tanaffus e’lon qilingan.
LiveBarchasi